Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshdan kechirayotganini taʼkidladi.

Qayd etilishicha, oxirgi yillarda iqtisodiyotga $150 mlrd xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Energetika sohasida $35 mlrdlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr ishlab chiqarish 1,5 barobar oshirilib, 87 mlrd kVt-soatga yetkazildi.

Tovar va xizmatlar eksporti 3 karra o‘sdi, iqtisodiyot hajmi esa $50 mlrddan $147 mlrdga yetdi. Global beqarorlik sharoitida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi chorak yakuni bo‘yicha 8,7%li o‘sishga erishdi.

“Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratdik. Biz o‘tgan davrda 8,5 mln ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambag‘allik darajasini qariyb 35% dan bugungi kunda 5,8% ga tushirishga erishdik. Biz 2030-yilga qadar O‘zbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini $240 mlrddan oshirish niyatidamiz. Natijada daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilganmiz”, — dedi davlat rahbari.

Prezident O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda OTB va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida eʼtirof etdi.

Ishonchli strategik sherigimizga aylangan bank bilan hozirgi kunga qadar qariyb $16 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha OTB bilan $12 mlrdlik yangi hamkorlik dasturi imzolandi.

“Barqaror taraqqiyotni taʼminlash uchun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va taʼsirchan yondashuvlarni joriy etishni davrning o‘zi bizdan taqozo etmoqda”, — dedi prezident.

Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040-yilga borib, sunʼiy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40% ga oshadi. O‘zbekistonda innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sunʼiy intellekt xabini tashkil qilish boshlandi. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalari ustida ishlanmoqda.

Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va sunʼiy intellekt laboratoriyalarini ko‘paytirish, Besh million sunʼiy intellekt yetakchilarini tayyorlash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda.

“Bu yo‘nalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSh, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman”, — dedi prezident.

Albatta, taʼlim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda ham ochiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda.

Buning uchun prezident Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston bankning Osiyo uchun raqamli magistral tashabbusiga qo‘shilishini maʼlum qildi hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlarni birlamchi ommaviy joylashtirish boshlanganini e‘lon qilgani haqida yozgandi.