Avvalroq prezident Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.
Xalqaro energetika agentligi tahlillariga ko‘ra, 2030-yilga borib, data markazlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi hozirgidan 2−3 karra oshadi.
Taʼkidlanishicha, bu holatda investorlarga arzon, ishonchli va “yashil” energiya taklif qilgan davlatlargina global bozorda raqobatbardosh bo‘la oladi.
O‘zbekiston bu borada dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5,6 ming mVtlik yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirib, generatsiyada “yashil” energiya ulushini 30% ga yetkazdi. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 54% ga olib chiqish reja qilingan.
“Umuman olganda, mintaqamizning qayta tiklanadigan energiya generatsiyasi bo‘yicha juda katta salohiyati bor. Toza energiya eksportini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo — Yevropa ‘yashil‘ energetika koridorini yaratishda Osiyo taraqqiyot banki ko‘rsatayotgan yordamni minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz. Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda ushbu ‘energetik arteriya‘ loyihasini boshlashiga ishonamiz”, — dedi prezident.
Davlat rahbari o‘zaro bog‘liq transport tizimi va logistika yo‘laklari barqarorligini taʼminlash eng dolzarb masalaga aylanayotganini taʼkidladi.
Jahondagi ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlarining o‘zgarishi hozirning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari uchun yuk tashish xarajatining 30% gacha oshishiga, yetkazib berish muddatlari esa bir necha hafta kechikishiga sabab bo‘lmoqda.
Sharq va G‘arbni bog‘laydigan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Ushbu yangi transport yo‘lagi hisobiga butun mintaqaning tranzit salohiyati sezilarli darajada oshadi.
Mahsulotlarni yetkazib berish muddati 10 kungacha qisqaradi, yiliga 15 mln tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratiladi.
Davlat rahbari bu borada bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida Raqamli bojxona va logistika alyansinini tashkil etishni taklif qildi.
Buning natijasida bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, hujjatlar aylanishini raqamlashtirish, chegara orqali yuk tashishlarni yengillashtirish imkoniyati yaratiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston barcha mumkin bo‘lgan xalqaro transport yo‘laklari bilan ishlashi haqida yozgandi.