Soliq qo‘mitasi ayrim tadbirkorlarning savdo tushumlarini kartadan kartaga pul o‘tkazmalari (P2P) orqali qabul qilish holatlarini tahlil qilmoqda.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmayotgani sabab budjetga tushumlar to‘liq shakllanmayapti. Shu bois yuridik shaxslar rahbar xodimlarining plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha soliq hisobotida ko‘rsatilmagan daromadlarga nisbatan choralar ko‘rilib, tadbirkorlarga xabarnomalar yuborilyapti.
Potrebitel.Uz Telegram-kanali muallifi Liliya Nikolenkoning aytishicha, idora xodimlari 2020-yil oktabr oyidan boshlab tranzaksiyalarni tekshirish huquqiga ega ekanligini ma’lum qilgan.
Ko‘p sonli P2P-tranzaksiyalarga ega tadbirkorlardan soliq organlari tushuntirish xatlarini talab qiladi. Gap, shuningdek, kartadagi yuqori yillik aylanma (500 mln so‘mdan ortiq) haqida ham bormoqda.
“Hozircha hech kim qanday jazo va jarimalar qo‘llanilgani haqida xabar bermadi. Hammasi ko‘rib chiqilmoqda. Tekshiruvlar endi boshlangan ko‘rinadi”, — dedi Nikolenko.
Soliq qo‘mitasi xabarida Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 30-oktabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni alohida qayd etilgan. Hujjat iqtisodiyotni “soyadan” chiqarish, biznes muhitini sog‘lomlashtirish va teng raqobatni ta’minlashga qaratilgan.
Tarmoqlarda tarqalgan ogohlantirish xatiga ko‘ra, tadbirkorning fuqarolardan P2P-o‘tkazmalari orqali savdo tushumini qabul qilishi natijasida soliq bazasi yashirilayotgani soliq organlaridagi mavjud ma’lumotlar hamda tashqi manbalar asosida aniqlangan. Natijada bu budjetga hisoblanmagan.

Soliq bazasini yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish soliq bazasi summasining 20%i miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi eslatib o‘tilgan. Biznesdan 10 kun ichida aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish va farqlarni asoslash so‘ralgan.
Oqibat emas, sabablar bilan kurashish kerak
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonovga ko‘ra, “soliq organlari barcha P2P-o‘tkazmalarini emas, balki faqat tushumlarni tekshirish kerakligini tushunishgani quvonarli”.
U Qozog‘iston tajribasi haqida so‘z yuritdi: agar mamlakatda 1 kishining bank kartasiga 3 oy ichida 100 nafar turli kishilardan 1 020 000 tengedan ortiq pul o‘tkazmalari kelib tushsa, tekshiruv boshlanadi. Agar uchta toifaning barchasi mos kelsa, demak, bu katta ehtimol bilan savdodan tushgan pul. Bunday vaziyatda yo bu savdo puli emasligini isbotlash (masalan, xayriya uchun yig‘ilgan mablag‘), yo soliq to‘lash kerak bo‘ladi.
Iqtisodchi O‘zbekistondagi tekshiruv mezonlari unchalik tushunarli emasligini qayd etdi. Masalan, rasmiy izohda “yuridik shaxslarning rahbar xodimlari” haqida yozilgan. Bunda “barcha kartalar ommaviy tekshirilyaptimi, faqat o‘z biznesiga ega yoki uni boshqaradiganlarni olishyaptimi yoki o‘tkazmalarni eng ko‘p qabul qiluvchi top-100 kishi olinyaptimi”, degan savolni o‘rtaga tashladi u.
“Soliqni hamma to‘lashi kerak! Lekin, savdo shoxobchalari nega to‘lovni yuridik shaxs yoki YTT hisobvarag‘iga qabul qilmasdan, shaxsiy kartaga o‘tkazma orqali olishni afzal ko‘rayotgani sabablarini o‘rganishni boshlash vaqti keldi. Kimdir ertalabdan davlatni aldash va soliqdan qochishni o‘ylab uydan chiqadi, degan qarash haqiqatdan yiroq. Balki “haddan tashqari raqamlashtirish"ning o‘zi odamlarni “oq” hisob-kitobdan “kulrang” yoki hatto “qora” hisob-kitobga o‘tishga majbur qilmayotganmikan — shu haqda o‘ylab ko‘rish kerak”, — dedi Qurbonov.
Shuningdek, u bu kabi tekshiruvlar boshlandimi, demak, ularni qonun doirasida mustahkamlash lozimligini bildirdi. Chunki hozircha ma’lumotlar qayerdan olinayotgani va ular qanchalik qonuniy ekanligini tushunish qiyin.
“Bank siri to‘g‘risida"gi qonunning 11-moddasi bilan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonunchilikka muvofiq taqdim etilishi belgilangan. Shuhrat Qurbonov bu norma ko‘ringani kabi oddiy emasligini hamda ommaviy ma’lumotlarni olish imkonini bermasligini eslatgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslarga yuborilayotgan xabarnomalarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar qanday tartibda olingani, keyingi huquqiy va moliyaviy oqibatlar qanday bo‘lishi haqida izoh bermaganiga e’tibor qaratdi.
“Nima bo‘lgan taqdirda ham P2P nazorati bo‘yicha boshlangan harakatlarning huquqiy tomonida hali bo‘shliqlar juda ko‘p. Yaxshiyam sud bor. 15 kun avvalgi Markaziy bank matbuot anjumanida aytilganidek, P2P borasida nima yechimga kelsak ham, bu bank siri talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak”, — deb yozdi u o‘z kanalida.
“Xavotirlar asossiz”
Aprel oyida o‘tkazilgan taqdimotda prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt asosida “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trln so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tgandi.
Bunga P2P operatsiyalarni monitoring qilish, tovarlarni markirovkalash, yuk tashishni avtomatik nazorat qilish va norasmiy bandlikni qisqartirish kabi mexanizmlar orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Undan keyin Markaziy bank raisi Timur Ishmetov P2P — kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilish bo‘yicha xavotirlarga izoh berib, bu tizim aslida maishiy to‘lovlar uchun yaratilganini, biroq ayrim hollarda biznes faoliyatida ham qo‘llanayotganini ta’kidladi.
“Shuni tushunish kerak-ki, P2P-o‘tkazmalari — bu odamlarga bir-biriga [pul o‘tkazishda] qulaylik yaratish maqsadida savdo bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni maishiy tranzaksiyalar uchun taklif qilingan instrument. Aslida esa ayrim qatlam vakillari undan biznes maqsadlarida foydalanmoqda. Siz ham do‘konga kirib, to‘lov qilmoqchi bo‘lsangiz, „kartamga tashlab ber“ deganini ko‘rgansiz. Buni hamma biladi. Shuning uchun ham davlat tomonidan P2P-o‘tkazmalarini monitoring qilish doimiy dolzarb masaladir”, — dedi Timur Ishmetov.
Ishmetov nazorat noqonuniy faoliyatga qarshi qaratilganini, qonuniy ishlayotgan fuqarolar va biznes vakillari uchun xavotirga asos yo‘qligini bildirdi. Shuningdek, Markaziy bank “Bank siri to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya etilishi tarafdori ekanini qayd etdi.
Regulyator rahbari P2P-o‘tkazmalarining huquqiy maqomi, foydalanish maqsadi va qo‘llash doirasini qonunchilikda aniq belgilash zarurligini ham ta’kidladi.
Avvalroq Spot birinchi chorakda O‘zbekistonda foyda, QQS va yer solig‘i tushumlari keskin oshgani haqida yozgan edi.