Pokiston kompaniyasi Toshkent viloyatida tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etadi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Pokistonning Royal Leather Industries Limited rahbari Muhammad Azam Malik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda ikki davlat o‘rtasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida hududida tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat zonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Loyiha doirasida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan charm mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarga mos mahsulot tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Mazkur sanoat zonasining ishga tushirilishi natijasida Yevropa, AQSH va boshqa yirik xalqaro bozorlarga eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati yaratilishi taʼkidlab o‘tildi.

Muzokaralarda innovatsion ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Maʼlumot uchun, Royal Leather Industries Limited 1986-yilda tashkil etilgan. Kompaniya bugungi kunda Pokistonning yirik vertikal integratsiyalashgan charm ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaladi.

Korxona Yevropa, AQSH va boshqa xalqaro bozorlardagi nufuzli brendlar bilan hamkorlik qiladi.

May oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy etilishi haqida yozgandi.