O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari soni asta-sekin kamayadi. Bu haqda TACC agentligi Ma’no tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevga tayanib xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga mehnat migratsiyasi dinamikasining pasayishi hozirdanoq kuzatilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra ham O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat muhojirlari soni kamayadi. Ilgari kuzatilgan o‘sish endi yo‘q.
“O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat migratsiyasi allaqachon eng yuqori ko‘rsatkichlarga yetgan va hozirda ularning rejali pasayishi kuzatilmoqda”, — dedi Ergashev.
2025-yilda tashkiliy ishga yollash doirasida 106 mingga yaqin o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash uchun yuborilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, ulardan 50 mingga yaqini Gazprom, Lukoyl, Kamaz, Avtovaz, Ozon va SPAR kabi yirik korxonalarga ishga joylashtirilgan.
2025-yil aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning majburiy tartiblarini Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qilgan edi. IIV pasport-viza xizmati vakolatxonasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Rossiya tomoni tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
29-may kuni Moskvaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Ucharashuvda migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish chora-tadbirlari va patentlarni rasmiylashtirish bosqichlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev bilan mehnat muhojirlarini Rossiyaga yuborishdan oldin ularni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Rossiya rahbari qo‘shimcha qilishicha, bu tayyorgarlik, xususan, rus tili, madaniyati va boshqa jihatlarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik dasturlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Rejaga ko‘ra, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, AQSh, Yaponiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va Ummon bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot Rossiyada 1-martdan mehnat migrantlarni ishdan bo‘shatish asoslari kengaytirilishi haqida yozgandi.
Mintaqada chet el ishchi kuchini jalb qilishga cheklovlar kiritilganda, ish beruvchilar qonuniy ravishda migrantlarni ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘ladi.