Yevropa Ittifoqi shu yozda bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga cheklovlar joriy etishi mumkin. Bunday imkoniyat haqida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.

Yevropa rasmiylari voyaga yetmaganlarni xavfli kontent va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikdan himoya qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.

Shuningdek, ular mediakompaniyalarni Yevropa Ittifoqining tavsiyalari va qonunlariga amal qilishni istamayotganlikda ayblamoqda.

“Biz texnologiyalarning yashin tezligida rivojlanayotganini hamda ularning bolalar va o‘smirlar hayotining barcha jabhalariga kirib borayotganini kuzatyapmiz. Bu yerda hozir bo‘lganlarning barchasi bilganidek, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh chegarasi masalasini endi e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqining deyarli barcha mamlakatlari shunday cheklov joriy etish zaruratini baholashga chaqirmoqda”, dedi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen.

Ma’lum qilinishicha, Yevropa Komissiyasi bolalarga ijtimoiy tarmoqlar ta’sirini o‘rganmoqda. Agar ekspertlar xulosasi tasdiqlansa, shu yozdayoq tegishli qonun loyihasi taqdim etiladi.

So‘nggi paytlarda Yevropaning bir nechta mamlakati “tarmoqda balog‘atga yetish” konsepsiyasining o‘z loyihalarini ishlab chiqdi, bu kabi hujjatlarning ayrimlari allaqachon kuchga kirmoqda.

Bryusselda butun blok uchun yagona qoidalar va mexanizmlar bo‘lishi zarur, deb hisoblanmoqda. Yevropa komissiyasi voyaga yetmaganlar orasida qaramlik va ijtimoiy xavotir kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan ehtimoliy choralarni baholash uchun bolalarning onlayn xavfsizligi bo‘yicha mustaqil ekspertlar guruhini tuzdi.

Yevropa Ittifoqi uchun asosiy muammolardan biri yoshni tekshirishning umumiy texnik yechimini topish bo‘ldi. Bir oy avval YI foydalanuvchilarning yoshini tasdiqlovchi ilovaning “texnik jihatdan tayyor” ekani haqida xabar bergan edi.

Bu ilova YIning barcha mamlakatlariga rasman tavsiya qilindi, biroq ayrim davlatlar texnik zaifliklar va shaxsiy ma’lumotlarning sizib chiqishi ehtimoli borligiga ishora qilib, bunga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi.


Avvalroq Turkiyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi cheklanishi haqida xabar berilgandi.