Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yilning aprelidagi yig‘ilishlarda (jami 6 marotaba) 30 ta masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 21 ta masala ko‘rib chiqildi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar ham bor.
Shuningdek, banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a‘zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 9 ta masala ko‘rib chiqildi.
Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlar talablarining bajarilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya hamda o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat tashkil etilmaganligi hamda inspeksiya va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima qo‘llanildi.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi bankda yarim mln dollarlik omonat o‘zlashtirgani aniqlangani haqida yozgandi.