Joriy yilning mart oyida so‘mdagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari pasayishda davom etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, milliy valyutadagi kreditlarning o‘rtacha nominal stavkasi 19,8% ni tashkil etib, bu 2025-yil mayidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Jismoniy shaxslar uchun kreditlar o‘rtacha 20,7%, yuridik shaxslar uchun esa 19,3% stavkada taklif etildi. Xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka esa 9,9% gacha tushib, o‘tgan yil avgustidan beri ilk bor shu darajaga pasaydi.
Shu bilan birga, aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi ham kengaymoqda. 1-aprel holatiga o‘tgan yilning iyun oyidan joriy etilgan “Kreditga taqiq” xizmatidan foydalanuvchilar soni 2,2 mln nafardan oshdi. Foydalanuvchilarning 58% ini erkaklar tashkil etadi. Yosh kesimida esa xizmatdan eng ko‘p 26−35 yoshdagilar foydalanmoqda — ular umumiy foydalanuvchilarning 31%iga teng.
Aholini kreditlash ham kengaymoqda. Masalan, 1-apreldan boshlab ijtimoiy soliq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilganlarga ipoteka krediti berila boshlandi. Shuningdek, 1-iyuldan sinov tarzida ipoteka omonati tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu orqali fuqarolar uy-joy uchun mablag‘ jamg‘arish hamda subsidiya muddatini uzaytirish imkoniga ega bo‘ladi.
Spot aholining kreditlarga bo‘lgan munosabati, bank foizlari va ipoteka tizimi haqidagi fikrlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ulardan ayrimlari kredit olishga qarshi ekanliklarini, bank foizlari yuqori ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, ayrimlari aniq reja va maqsadlar bilan olinsa bu ham yaxshi imkoniyat ekanligini bildirdi.
So‘rovnomaning video formatini batafsil quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin:
“Foizlari juda yuqori”
“Mening hozircha kreditim yo‘q va yaqin orada olishni ham rejalashtirmayapman. Rostini aytsam, kredit olishdan qo‘rqaman. Agar juda zarurat bo‘lmasa, undan uzoqroq yurgan ma’qul”, — deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.
Ilgari kredit olib, bank foizlaridan zarar ko‘rgan boshqa bir respondent esa qarz aralashgan ishda baraka bo‘lmasligi, insonning umri majburiyatlarni to‘lash bilan o‘tib ketishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, ikki oydan beri to‘lovlarni amalga oshira olmay, hisoblari bloklangan fuqarolardan biri kredit olishdan oldin uning shartlari va qaytarish tartibini puxta o‘rganib chiqishni maslahat berdi.
“Banklardagi foiz stavkalari haddan tashqari yuqori. Ayrim chet davlatlarda yillik stavkalar 6−7% atrofida bo‘lsa, bizda bu 46−49% gacha yetadi”, — deydi yana bir so‘rovnoma ishtirokchisi.
Biroq, bozordagi 21−24% lik stavkalarni me’yorida deb hisoblaydiganlar ham bor. Ularning fikricha, imkoniyatlar yetarli, faqat kredit olishdan oldin shartnoma shartlari, to‘lov kechiktirilganda qo‘llaniladigan choralar bilan tanishib, xarajatlarni puxta hisob-kitob qilish kerak, xolos.
Uy-joy masalasiga to‘xtalganda esa, ko‘pchilik bugungi maosh va narx-navolar sharoitida ipoteka kreditisiz uy sotib olish deyarli imkonsiz ekanini ta’kidladi. Yana bir fuqaro esa o‘z tajribasini misol qilib, 15 yil davomida pul jamg‘argan bo‘lsa-da, oddiy oylik bilan uy olish qiyin bo‘lganini, oxir-oqibat baribir ipoteka orqali boshpanali bo‘lganini so‘zlab berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ipotekadagi uyda bank roziligi bilan ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilgani haqida yozgan edi.