Transport vazirligi pedagoglar uchun avia va temiryo‘l chiptalariga chegirma berishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, 2026−2027 o‘quv yilidan boshlab respublika reytingida TOP-100 talikka kirgan maktab va bog‘chalar, TOP-20 talikdagi texnikumlar hamda TOP-10 talikdagi OTMlar pedagoglariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun chegirmalar taqdim etiladi.

Bunda samolyot hamda poyezd chiptalarining tarif qismiga 15% chegirmalar kalendar yili davomida bir marta beriladi.

Imtiyoz ekonom klassdagi aviachiptalar hamda plaskart va kupe vagonlari chiptalariga tatbiq etiladi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar bundan mustasno.

Bunda sayohat boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazishsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri borish va qaytish shaklida amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.

Chegirmali chiptalar temiryo‘l vokzallari, Uzbekistan Airways Sales filiali va respublika aeroportlari kassalarida rasmiylashtiriladi. Buning uchun ta‘lim muassasasining firma blankida tayyorlangan, rahbar imzosi va muhri bilan tasdiqlangan rasmiy xat hamda amaldagi ID-karta taqdim etilishi kerak bo‘ladi.

Aprel oyida shaharlararo poyezdlarda yo‘lkira mart oyiga nisbatan 1,4% ga oshgandi. Shuningdek, ichki reyslar uchun aviachiptalar narxi 2,6% ga, xalqaro reyslarniki esa 2,3% ga ko‘tarilgan.

Spot, avvalroq, Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li qurilishi joriy yilda boshlanishi haqida yozgandi.