Spot banklar tomonidan quyosh panellari uchun aholiga ajratilayotgan kredit shartlarini o‘rganib chiqdi. Bugungi kunda mavjud 34 ta bankdan 15 tasida so‘mda omonat ochish mumkin.
Quyosh panellari uchun kreditning foiz stavkasi 20% ni tashkil qiladi. Muddati 3 yildan 5 yilgacha. Biroq O‘zmilliybank kreditni 22%, Kapitalbank esa 24% dan taqdim qiladi.
Kredit turi quyosh panellari, geliokollektorlar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy qozonlar, gorelkalar filtrlar hamda chang gaz tozalash qurilmalari sotib olish uchun beriladi.
Quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID-karta, istiqomat uchun berilgan guvohnoma va h.k.);
- daromadlarini tasdiqlovchi hujjat;
- oldi-sotdi yoki xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma;
- kredit ta’minoti bo‘yicha hujjatlar.
| Bank nomi | Miqdori | Muddati |
| Agrobank | 100 mln so‘mgacha | 3 yilgacha |
| Asakabank | 82,4 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Aloqabank | 82,4 mln so‘mgacha | 3 yilgacha |
| Asia Alliance Bank | 90,6 mln so‘mgacha | 3 yilgacha |
| Biznesni rivojlantirish banki | 200 mln so‘mgacha | 3 yilgacha |
| Hamkorbank | 82,4 mln so‘mgacha | 3 yilgacha |
| Ipak yuli bank | 80 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Infin Bank | 60 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Kapitalbank | 50 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Mikrokreditbank | 206 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Orient Finans Bank | 100 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Trastbank | 82,4 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| Xalq banki | 100 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| O‘zmilliybank | 70 mln so‘mgacha | 5 yilgacha |
| O‘zsanoatqurilishbank | 200 mln so‘mgacha | 3 yilgacha |
2023-yilda “Quyoshli xonadon” dasturi ishga tushirildi. Bu dastur bo‘yicha uy egalari umumiy tarmoqqa yo‘naltirilgan har bir kilovatt-soat uchun 1000 so‘mdan olishadi.
2025-yilning fevralida aholiga quyosh paneli va geliokollektor o‘rnatishga arzon kreditlar berilishi aytilgandi. 27-mart kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan “yashil” energiya xarajatlari qoplab berilsihi belgilangandi.
Yanvar-mart oylarida 45,2 ming nafar o‘zbekistonlik xonadonlaridagi quyosh fotoelektr panellarida ishlab chiqarilgan energiyani elektr tarmoqlariga yetkazib bergani uchun subsidiya oldi.
Quyoshli xonadon dasturi doirasida to‘lov olganlarning eng ko‘pi mart oyida qayd etildi — 44,7 ming kishi. Birinchi chorakda dastur bo‘yicha to‘lovlar 73,98 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9 baravardan ko‘proqqa oshdi.
To‘lovlar hajmi bo‘yicha Buxoro viloyati 16,53 mlrd so‘m (mamlakat bo‘yicha umumiy hajmning 22,3%i) bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni 13,29 mlrd so‘m bilan Xorazm viloyati band etdi.
Kuchli uchlikni 9,1 mlrd so‘m bilan Qashqadaryo viloyati yakunlab berdi, shundan 4,94 mlrd so‘mi bahorning birinchi oyiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, kuchli beshlikdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,63 mlrd so‘m) va Navoiy viloyati (5,97 mlrd so‘m) ham o‘rin oldi.