Davlat xavfsizlik xizmati boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida yerni noqonuniy sotishga uringan uch kishini qo‘lga oldi.
Parkent tumanidagi mahallalardan birining rahbari 1970-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan davlat zaxirasidagi 10 sotix yer uchastkasini $20 mingga sotishga kelishib olgan.
Shuningdek, ular Kadastr palatasining mahalliy filiali xodimiga $2000−3000 pora bermoqchi bo‘lishgan.
Uchalasi ham $17 ming va 37 mln so‘m (joriy kurs bo‘yicha $3067) miqdoridagi naqd pul bilan qo‘lga olingan.
DXX Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda operatsiya o‘tkazdi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 211 (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
May oyi boshida Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti O‘zbekistonning bir qancha hududlarida o‘nta noqonuniy yer oldi-sotdisi to‘xtatilgani haqida hisobot berdi.
Firibgarliklarning umumiy summasi qariyb $395 mingni tashkil etgan, shundan $100 mingi Namangan viloyati Uychi tumanidagi 2 gektar yerni sotish bo‘yicha bitta ishga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq Spot Andijonda bank mansabdori $40 ming pora bilan ushlangani haqida yozgandi.
U kredit garovi sifatida qo‘yilgan binoni auksionsiz tadbirkorga olib berish uchun $90 ming so‘ragan va pulning bir qismini olayotganda ushlangan.