Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi sabzavotlarni quritilgan holda olib kirishga ruxsat berdi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.

Agentlik vakillari may oyi boshida hukumat delegatsiyasi tarkibida Xitoyga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida mehmonlar Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi bilan muzokaralar o‘tkazdi, natijada bir qator turdagi mahsulotlarga fitosanitar ruxsatnomalar rasmiylashtirildi.

Ro‘yxatga quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar kiradi.

Ko‘rsatib o‘tilgan mahsulot turlarini eksport qilish uchun korxona Xitoy tomoni tomonidan tasdiqlanadigan import qiluvchilar ro‘yxatiga kiritilishi kerak.

Olib kirishda fitosanitariya sertifikati hamda karantin parazitlari va zararli organizmlar yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lishi shart.

Aprel oyida Pokiston hukumati O‘zbekistondan to‘rt turdagi meva va sabzavotlarni olib kirishga ruxsat bergandi.

Ikki davlat fitosanitariya nazorati organlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida O‘zbekiston korxonalari achchiq qalampir, olma, limon va anjir yetkazib berish huquqini qo‘lga kiritdi.

Pokistonga eksport qilishga ruxsat etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlarining umumiy soni 29 taga yetdi.

Import qilinadigan mahsulotlar plastik yoki karton qutilarga qadoqlanishi va 3 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda saqlanishi shart.

Shuningdek, eksport qiluvchi xavfli parazitlar yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjatni taqdim etishi shart.


Avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistondan yiliga 300 ming tonnagacha kartoshka import qilmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.