Vyetnam Immigratsiya xizmati mamlakatga kelayotgan barcha xorijiy fuqarolar uchun majburiy elektron ro‘yxatdan o‘tishni (Pre-Arrival Information) joriy qilmoqda, deya xabar berdi Uzbekistan Airways matbuot xizmati.

Yangi talab 22-iyundan kuchga kiradi va Uzbekistan Airways’ning ertangi HY561 reysidan boshlab barcha yo‘lovchilarga nisbatan qo‘llanadi.

Uchishdan oldin rasmiy portalda immigratsiya anketasini to‘ldirish va Vyetnam aeroportida chegarani kesib o‘tishdan 72 soatdan kechiktirmay ariza topshirish kerak.

Rus tilida ham mavjud bo‘lgan ushbu anketada pasport ma’lumotlari, viza haqidagi axborot, shuningdek, Vyetnamda bo‘lish muddati va joyini ko‘rsatish talab etiladi.

Anketa muvaffaqiyatli to‘ldirilgach, tizim QR-kod hosil qiladi va uni mamlakatga kirib kelgach, pasport nazorati xodimiga ko‘rsatish lozim.

Shundan so‘ng, olingan QR-kodni chegara nazoratida taqdim etish uchun smartfonda saqlab qo‘yish yoki chop etib olish kerak.

ro'yxatdan o'tish, sayyohlar, vetnam

Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu talab mamlakatga 45 kungacha vizasiz kirib keladigan barcha xorijiy fuqarolarga, shuningdek, elektron viza egalariga nisbatan qo‘llanadi.

Faqatgina chegarani kesib o‘tmaydigan tranzit yo‘lovchilar hamda diplomatik va xizmat pasportlari egalari bundan mustasno.


Avvalroq Spot Yaponiya 1-iyuldan viza narxini besh barobarga oshirishi haqida yozgandi.

Yangi tariflarga ko‘ra, bir martalik viza $93 ga, ko‘p martalik viza esa $186 ga oshiriladi.