Yaponiya joriy yil 1-iyuldan boshlab xorij fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish narxini besh barobarga oshirmoqda, deya xabar berdi The Economic Times.
Qayd etilishicha, bu viza tariflarining so‘nggi 48 yil ichidagi ilk bor qayta ko‘rib chiqilishi hisoblanadi.
Ushbu qaror 19-iyun kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida ma’qullangan. Rasmiylar to‘lovlarning oshishini mamlakatdagi xorijliklar soni ortib borayotgani fonida ko‘payib borayotgan ma’muriy xarajatlarni qoplash zarurati bilan izohlamoqda.
Bir martalik kirish vizasining narxi amaldagi 3 ming yenadan 15 ming yenaga, ya’ni taxminan $93 ga oshiriladi. Belgilangan muddat davomida mamlakatga bir necha marta kirishga ruxsat beruvchi vizalar uchun yig‘im esa amaldagi 6 ming yenadan 30 ming yenaga, ya’ni taxminan $186 ga ko‘tariladi.
Tashqi ishlar vaziri Motegi Tosimitsu muxbirlarga amaldagi viza to‘lovlari 1978-yilda joriy qilinganini, hozirda esa narxlar o‘sishi va valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar tufayli qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
Motegining ta’kidlashicha, qaror turli ta’sirlar va boshqa omillarni inobatga olgan holda qabul qilingan va u bu o‘zgarish mamlakatga kirish turizmiga darhol ta’sir ko‘rsatishini kutmayapti.
2026-yilning may oyida Yaponiyada ulgurji inflyatsiya so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Tegishli ko‘rsatkich 6,3% gacha o‘sgan. Bu Yaqin Sharqdagi mojarolar natijasi bo‘ldi.
Avvalroq Spot AQSH viza suhbati uchun pullik xizmatni joriy etishi haqida yozgandi.
Arizachilar $185 lik yig‘imga qo‘shimcha yana $750 to‘lab, viza suhbatiga tezroq yozilish imkoniga ega bo‘ladi.