AQSH Davlat departamenti biznes va sayyohlik vizasi olishni istovchilar uchun yangi pullik xizmatni ishga tushirmoqda. Bu haqda Associated Press nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, arizachilar dastlabki $185 lik yig‘imga qo‘shimcha tarzda $750 to‘lash evaziga viza suhbatiga ancha tezroq yozilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi dastur joriy yilning 1-iyulidan 31-dekabrigacha amal qiladi. Xizmatdan foydalangan shaxslar AQSHning ayrim elchixona va konsulliklarida to‘lov amalga oshirilganidan keyin 10 kun ichida suhbat sanasini olishi mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, bu qadam Tramp ma’muriyatining Qo‘shma Shtatlarga kirishni qiyinlashtirishga intilishi tufayli yuzaga kelgan sharoitlarni yumshatish uchun qo‘yilishi mumkin.
AQSH ma’muriyati joriy yil yanvar oyida chet elliklar uchun migratsiyaning ko‘plab turlarini qat’iy nazorat ostiga oldi.
Ayrim, asosan Afrika davlatlarida viza rasmiylashtirish uchun $15 minggacha garov puli talab qilinmoqda, shuningdek, so‘nggi bir necha yil ichidagi shaxsiy tarix, jumladan ijtimoiy tarmoq akkauntlari ham tekshirilmoqda.
Yangi talablar butun dunyo bo‘ylab viza arizalarini ko‘rib chiqishda kechikishlarga sabab bo‘ldi, bu esa noroziliklarga olib keldi.
Vizani rasmiylashtirishda vizasiz rejim dasturiga kirmaydigan mamlakatlar fuqarolari uchun suhbatni kutish muddati bir necha oy yoki undan ham ko‘proq vaqtni tashkil etishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, “qo‘shimcha premium xizmat” uchun to‘lov vizaning berilishini kafolatlamaydi.
Tezlashtirilgan xizmat ko‘rsatiladigan elchixonalar va konsulliklar ro‘yxati dastur 1-iyuldan kuchga kirgunga qadar e’lon qilinadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Tomonlar o‘zaro vizasiz rejim bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish niyatini tasdiqlovchi verbal notalar almashdi.
Kelishuv amalga oshirilsa, O‘zbekiston va Gonkong fuqarolari bir-birining hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.