O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
3-iyun kuni vazir Toshkentda Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu bilan uchrashdi. Unda tomonlar investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.
Gonkongning xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi tajribasi O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va ilg‘or loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Shuningdek, hududlararo sheriklikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi bevosita muloqotlarni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida O‘zaro vizasiz rejimni o‘rnatish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitimni tuzish niyati bo‘yicha Verbal notalar almashildi. Saidov bu O‘zbekiston fuqarolari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratib, o‘zaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.



Bundan tashqari, Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu o‘z Instragram sahifasida tomonlar har ikki mamlakat fuqarolariga 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beruvchi tartibni joriy etish bo‘yicha tafsilotlarni muhokama qilishga kelishib olganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat hukumati ushbu kelishuvni “imkon qadar tezroq hayotga tatbiq etish uchun” amaliy ishlarni tezlashtiradi.
Hozirgi vaqtda Gonkong maxsus ma’muriy hududi pasporti egalari O‘zbekistonga 10 kungacha vizasiz tashrif buyurishi mumkin. O‘zbekistonning diplomatik va xizmat pasporti egalari Gonkongga 14 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega. Biroq O‘zbekistonning oddiy pasport egalari Gonkongga borish uchun viza olishi talab etiladi.
“Menimcha, o‘zaro vizasiz tartibning joriy etilishi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, turizm, ta’lim hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratish bilan birga, Gonkongning Markaziy Osiyodagi yangi rivojlanayotgan bozorlarga chiqishiga ham yordam beradi”, — deya qayd etdi Jon Li Kachchiu.
2025-yilning 1-iyunidan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etildi. Ikki mamlakat fuqarolari davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi. Vizasiz rejim qabul qiluvchi tomonning vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan ish, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va boshqa faoliyatga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, u Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga sayohat qilish uchun ham amal qilmaydi.
Avvalroq Spot TIV O‘zbekistonda YI migrantlarni qaytarish markazlarini tashkil etishi haqidagi xabarni rad etgani haqida yozgan edi.


