O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

1-iyuldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 009,27 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 51 so‘m 57 tiyinga pasaydi.

Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

2026-yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz zaiflashdi. Iyun oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 58,9 so‘mga yoki 0,49% ga pasayib, 12 060,84 so‘mni tashkil etdi.

Iyun oyi boshida kurs 12 000 so‘m atrofida edi, biroq 3−4-iyun kunlari keskin pasayib, 11 935 so‘m atrofida minimal darajaga tushdi. Keyin tiklanish kuzatildi: 19-iyunga kelib dollar oylik eng yuqori darajaga — 12 085 so‘mga yetdi. So‘nggi o‘n kunlikda kurs biroz o‘zgardi, ammo oy oxiriga kelib yana ko‘tarildi va 12 060 so‘mdan yuqoriga ko‘tarildi.

Avvalroq Spot banklardan $500 gacha valyutani pasportsiz xarid qilishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.

Mijozlar bankdan $500 gacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatlarsiz olishlari mumkin.

Amaldagi tartib bilan ushbu limit $100 ni tashkil etadi. Yangi tartib hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qaror loyihasi joriy yilning mart oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.