Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar yakunlarini e’lon qildi.

2026-yilning birinchi choragida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlarida hamda Uzum bank’da qonunchilik talablarining buzilishi aniqlandi.

Tekshiruvlarda mikromoliya tashkilotlari tomonidan mikroqarz ajratishda qarz yuki bo‘yicha talablar buzilgani, mijozlar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibiga rioya qilinmagani, kredit shartnomalarida zarur ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagani hamda kredit tarixiga oid ma’lumotlar kredit byurolariga o‘z vaqtida yuborilmagani ma’lum bo‘ldi.

Uzum bank’da esa rasmiy sayt orqali iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi bo‘yicha talablar bajarilmagani, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibiga amal qilinmagani, kredit byurosiga kredit tarixi ma’lumotlari kechiktirib yuborilgani hamda shartnomalarga belgilangan talablar kiritilmaganligi aniqlandi.

Qoidabuzarliklar xususiyati va ko‘lamidan kelib chiqib Shaffof-moliya mikromoliya tashkilotiga 201 mln so‘m, Tezcoin mikromoliya tashkilotiga 156 mln so‘m, Uzum bankka esa 215,5 mln so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Shuningdek, iste’molchilar murojaatlari asosida Ipoteka-bank faoliyati ham o‘rganilib, ayrim xizmatlarni ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Xususan:

  • kredit qarzdorliklari uchun mablag‘lar qarz oluvchilarning bank kartalaridan jadvalda belgilangan sanadan oldin yechib olingan;
  • shartnomada qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) ga tegishli kartadan mablag‘lar qarzdorliklar uchun akseptsiz (roziliksiz) yechib olinishi belgilanmagan bo‘lsa-da, mablag‘lar yechib olingan;
  • shartnoma bo‘yicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari to‘g‘risidagi yozuv belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan chiqarilgan;
  • shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya etilmagan.

Natijada Markaziy bank ushbu qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bank'ka nisbatan 105 mln so‘m miqdorida jarima qo‘lladi.

Shu bilan birga, bu davrda banklarning hududlardagi filiallari va alohida bo‘linmalarida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Uning doirasida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda oshkoralik, shaffoflik, axborotlarning to‘liqligi va to‘g‘riligiga oid talablarga rioya etilmaganlik holatlari kuzatildi.

Regulyator qoidabuzarliklar xususiyati, miqyosi, davomiyligi va boshqa holatlarni inobatga olgan holda 14 ta bankka nisbatan jami 681,5 mln so‘m jarima sanksiyasi qo‘lladi. Ularning eng kattasi Agrobank (255 mln so‘m) va O‘zsanoatqurilishbank (119,5 mln so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bundan oldin Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega Top-10 bankni ochiqlagan edi. Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, murojaatlar indeksi yuqori bo‘lgan banklar uchligidan Biznesni rivojlantirish banki, Anor Bank va Mikrokreditbank joy oldi.