Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Telegram‘da davlat idoralari nomidan yangi firibgarlik sxemasi paydo bo‘lgani haqida ogohlantirish e‘lon qildi.
Firibgarlar messenjerda Markaziy bank, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, ILMA va boshqa idoralarning, shuningdek, ularning rahbarlari hamda mansabdor shaxslarining nomidan anonim akkauntlar va botlar yaratmoqda. Bunda ular rasmiy ramzlar va amaldorlarning suratlaridan foydalanmoqda.
Shundan so‘ng, firibgarlar foydalanuvchilarga go‘yoki noqonuniy operatsiyalar bo‘yicha tergov olib borilayotgani haqida xabarlar yuborib, korrupsiyaga qarshi kurashish organlariga yordam berishni so‘raydi.
Xabarni olgan fuqarolar bilan o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi deb tanishtirgan shaxslar bog‘lanadi. Ular suhbatdoshlarga psixologik bosim o‘tkazib, “Markaziy bankning moliyaviy nazorat bo‘linmasi” bilan hamkorlik qilishga ko‘ndirishga urinadi.
So‘ngra fuqarolardan Markaziy bankning soxta Telegram-botida ro‘yxatdan o‘tish so‘raladi va u yerdan ular regulyatorning soxta xodimlari bilan muloqot qiladigan chatlarga yo‘naltiriladi. Maqsad — qalbaki hujjatlar yordamida fuqarolarni o‘z nomiga kredit rasmiylashtirishga ishontirib, keyinchalik pullarni o‘zlashtirib olishdir.
Barcha muloqot faqat Telegram orqali va anonim telefon raqamlaridan amalga oshiriladi. ILMA fuqarolarni har qanday shubhali xabar kelib tushganda, uni (suratga yoki skrinshotga olib) qayd etishga, shundan so‘ng akkauntlarni bloklashga chaqirdi.
Shuningdek, agentlik quyidagilarni tavsiya qiladi:
- shubhali havolalarga o‘tmaslik va fayllarni (ayniqsa .apk kengaytmali) ochmaslik;
- nomaʼlum yoki anonim raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslik;
- davlat organlari akkauntlarining haqiqiyligini tekshirish va maʼlumotlarni ularning rasmiy veb-saytlari bilan solishtirish;
- shubhali xabarlarning skrinshotlarini saqlab qo‘yish va bunday akkauntlarni bloklash;
- bunday holatlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish.
“Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xodimlari fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan faqat rasmiy aloqa kanallari — xizmat telefon raqamlari, rasmiy elektron pochta va pochta jo‘natmalari orqali muloqot qiladi”, — deyiladi xabarda.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi ikkita noqonuniy Call-markaz faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida yozgandi.