DXX fuqarolarni Janubiy Koreya va AQSHga noqonuniy yuborishni va‘da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxslar qo‘lga olinganini ma‘lum qildi.
Ma‘lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar fuqaro tanishlari orqali fuqarolarga G-1 vizasini olib berish, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish hamda keyinchalik ushbu mamlakatda doimiy yashash uchun guvohnoma rasmiylashtirib berishni va‘da qilgan.
Buning evaziga ular $55 ming talab qilib, oldindan $25 ming olgan vaqtida ushlandi.
Yana bir holatda, Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi, avval firibgarlik uchun sudlangan fuqaro boshqa bir shaxsni noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga yuborishni taklif qilgan.
U tanishlari orqali O‘zbekiston-Turkiya-Ispaniya-Meksika-AQSH yo‘nalishi bo‘yicha yuborishni va‘da qilib, buning uchun $50 ming talab qilgan. Gumonlanuvchi so‘ralgan puldan $20 mingni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning may oyida Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgandi. Tergovda jinoiy guruh fuqarolardan noqonuniy ravishda jami $45 mln olgani maʼlum bo‘ldi.
Shundan keyin Migratsiya agentligi sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirovga xalqaro qidiruv e‘lon qilingandi. Tegishli kartochka Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti — Interpol saytida paydo bo‘ldi.
Iyun oyi boshida o‘nta hududda fuqarolarga Koreyaga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangandi.
Keyinroq Janubiy Koreyaga ishga yuborishda $296 ming miqdoridagi firibgarlik fosh qilingandi. Masalan, farg‘onalik fuqaro hibsga olinishidan avval ishga yuborishi evaziga $196 650 ni qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Shuningdek, Migratsiya agentligi Farg‘ona filiali sobiq rahbari Koreyaga ishga yuborish uchun $90 ming olgani aytilgandi.
Spot, avvalroq, Slovakiya o‘zbekistonlik kara haydovchilarini ishga taklif qilayotgani haqida yozgandi.