Avvalroq Spot O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkentdagi pulli parkovkalar uchun jarima joriy etilishiga qarshi chiqqani haqida yozgan edi. Partiya bu Konstitutsiya va qonunchilikka zid ekani, jarima sud tartibida undirilishi lozimligini ta’kidladi.
Undan keyin pulli avtoturargohlar operatori — Poytaxt Parking XDP bayonotiga rasmiy javob berib, muhokamalarda kompaniya roli noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirdi. “Shu bois o‘z nomimizdan bir nechta prinsipial jihatlarga oydinlik kiritishni zarur deb bilamiz”, deya qayd etiladi xabarda.
Birinchi navbatda kompaniya shahar hududlari, yo‘l chetlari va avtoturargohlar davlat mulki ekanini, o‘zi esa ular egasi emas, balki shahar bilan tuzilgan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatuvchi operator ekanligini ta’kidladi. U faqat pulli to‘xtash joylarini tashkil etish, ularga xizmat ko‘rsatish, uskunalar, yo‘l chiziqlari, texnik infratuzilma va qulay to‘lov usullarini ta’minlaydi.
“Biz jarima solmaymiz va ularga aloqamiz yo‘q. Shuni aniq va qat’iy bayon qilmoqchimiz: Poytaxt Parking ma’muriy jarimalarni qo‘llamaydi va undirmaydi. Ma’muriy javobgarlikni joriy etish — davlat organlarining mutlaq vakolati va jamoatchilik muhokamasi predmetidir”, — deyiladi kompaniyada.
Shuningdek, Poytaxt Parking tegishli qonun loyihasining tashabbuskori emasligi va jazo choralarini qo‘llash jarayonida ishtirok etmasligini bildirdi.
Kompaniya o‘z vazifasi avtoturargoh uchun to‘lovlarni to‘g‘ri yig‘ishni va ularni shartnomada belgilangan tartibda shahar budjetiga o‘tkazishni ta’minlashdan iborat ekanini ta’kidladi. Bayonotda pulli parkovkadan tushgan mablag‘lar shahar budjetini to‘ldirishi, bu esa ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirish manbalaridan biri hisoblanishi qayd etilgan.
“Boshqacha aytganda, bu yerda gap jamoat manfaatiga qarama-qarshi qo‘yilgan „xususiy manfaat“ haqida emas, balki shahar budjetini to‘ldiradigan, ya’ni Xalq demokratik partiyasi ham qayg‘urayotgan o‘sha ijtimoiy vazifalarni hal etish uchun manba bo‘lib xizmat qiladigan mexanizm haqida ketmoqda”, — keltirilgan xabarda.
Poytaxt Parking XDP tomonidan ko‘tarilgan shaffoflik masalasini qo‘llab-quvvatlashini ham ma’lum qildi. Kompaniya o‘z vakolatlari doirasida foydalanuvchilar soni, yig‘ilgan to‘lovlar hajmi, mablag‘larning budjetga o‘tkazilishi hamda majburiyatlar bajarilishi yuzasidan ma’lumotlarni oshkor etishga tayyorligini bildirdi. Operatorga ko‘ra, aynan ochiq va tekshiriladigan raqamlar har qanday shubhaga eng yaxshi javob bo‘ladi.
Shuningdek, kompaniya o‘zining asosiy maqsadi haydovchilarni jazolash emas, shahar transport tizimida tartib va qulaylik yaratish ekanini ta’kidladi. Bunga tushunarli tariflar, qulay to‘lov usullari, ishlaydigan navigatsiya va sifatli servis orqali erishilishi bildirildi. Parkovkalarni tartibga solish esa shahar markazidagi tirbandlik va tartibsiz to‘xtashlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Bayonot yakunida Poytaxt Parking XDP hamda muhokamaning barcha ishtirokchilariga hurmat bildirib, poytaxt aholisi manfaatlari yo‘lida muloqot qilish, zarur ma’lumotlarni taqdim etish va birgalikda yechimlar izlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Toshkent shahar hokimligi yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarga BHMning ikki baravari — hozirgi hisobda 824 ming so‘m (1-sentabrdan 880 ming so‘m) miqdorida jarima belgilashni taklif qildi.
Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, u 28-iyulgacha muhokama qilinadi. Taklif faqat davlat tasarrufidagi yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlarga nisbatan qo‘llanadi va shlagbaumli xususiy avtoturargohlarga tatbiq etilmaydi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtdagi pulli avtoturargohlardan kuniga o‘rtacha 15 ming haydovchi foydalanadi, biroq ularning atigi 2−3%i xizmat haqini to‘laydi. Natijada har kuni qariyb 14,6 ming, yiliga esa 5 mlndan ortiq holatda pulli parkovkadan to‘lovsiz foydalanish qayd etilayotgani ta’kidlanmoqda.
Avvalroq Spot Biznes-ombudsman Toshkentdagi uylar tomidan reklamalarni demontaj qilishga qarshi chiqqani haqida yozgan edi.