2018−2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, investorlar va tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida quyidagilar beriladi:

  • pullik magistral yo‘llar qurish bo‘yicha yo‘l va yer uchastkalari;
  • shaxs yuzini va transport vositasining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqamini intellektual videokameralar orqali aniqlash tizimlarini joriy etish uchun yo‘l uchastkalari — 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
  • pullik to‘xtash joylari tashkil etish uchun yo‘l uchastkalari — 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
  • bozorlar va savdo komplekslariga tutash hududlarda joylashgan avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarini ularning negizida avtomotransport vositalari joylashtirilganligi uchun haq to‘lash qoidalari buzilganligini qayd etadigan axborot tizimlariga ega bo‘lgan zamonaviy pullik avtomobil saqlash joylari tashkil etish uchun — 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
  • yo‘l bo‘yi infratuzilma ob’ektlari, shu jumladan, kempinglar, motellar, haydovchi va yo‘lovchilar dam oladigan, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatiladigan va ta’mirlanadigan boshqa joylarni, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarni qurish uchun yer uchastkalari — 10 yilgacha muddatga.

Shuningdek, pullik avtomobil to‘xtash joylari va pullik avtomobil saqlash joylaridan foydalanishdan tushadigan mablag‘larning 30 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi — mahalliy byudjetga tushadi va kamida 70 foizi xususiy sherikning hisob raqamiga tushadi.

O‘rnatilgan intellektual videokameralar yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasining kamida 20%i — respublika byudjetiga o‘tkaziladi, 20%i — mahalliy byudjetga tushadi, 30%i — Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga, 30%dan ortiq bo‘lmagan qismi — xususiy sherikning hisob raqamiga o‘tkaziladi.