2018 yil yanvar-noyabr oylari yakunlariga ko`ra, respublikada tashqi savdo aylanmasi 28 664,7 mln. $ni tashkil etib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan 17,6%ga o`sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari dalolat beradi.

Shu jumladan, eksport hajmi 11 324,0 mln. $ga (3,2%ga kamaygan) va import hajmi 17 340,7 mln. $ga (o`sish sur`ati 36,8%) yetdi. Tashqi savdo saldosi minus 6 016,7 mln. $ni tashkil qildi.

Eksport

2018 yil yanvar-noyabr oylarida eksport hajmi 11 324,0 mln. $ga (3,2% ga kamaygan) teng bo`ldi. Eksport tarkibida tovarlar 75,5% ulushga ega, bular asosan energiya manbaalari va neft mahsulotlari (21,0%), oziq-ovqat mahsulotlari (9,0%), shuningdek, kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (7,3%) guruhlari hissasiga to`g`ri kelmoqda.

2018 yilning noyabr oyida eksport qilingan tovar va xizmatlar oktyabr oyiga nisbatan 11,1%ga oshgan.

Eksport qilinayotgan tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy va Rossiya hissasiga to`g`ri kelmoqda. Bu esa umumiy eksport hajmining 38,8% ini tashkil qiladi.

Import

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida import hajmi 17 340,7 mln. $ga (o`sish sur`ati 36,8%) teng bo`ldi. Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob uskunalar (41,9%), kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (13,2%) hamda oziq-ovqat mahsulotlari (8,2%) guruhlari hisobiga to`g`ri keldi.

2018 yilning o`tgan davri mobaynida respublikaga import qilinayotgan tovar va xizmatlar noyabr oyida, oktyabr oyiga nisbatan 11,2 mln.$ga kam import qilindi va 1828,1 mln. $ni tashkil etdi.

2018 yilning yanvar-noyabr oylarida respublikaga 159 dan ortiq xorijiy davlatlardan tovar va xizmatlar importi amalga oshirilgan. Shulardan 5 ta eng yirik bo`lgan Rossiya, Xitoy, Koreya, Qozog`iston va Turkiya hamkor davlatlaridan jami import hajmi 10 553,8 mln. $ga teng. Bu esa umumiy import hajmining 60,9%ini tashkil qiladi.