Norvegiyada kameraga ega “aqlli” ko‘zoynaklarni jamoat joylarida taqishni vaqtincha taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat hukumati rejalariga tayanib, Reuters xabar berdi.

Taqiq parklar, plyajlar, muzeylar, savdo markazlari, maktablar, bolalar maydonchalari, shifoxonalar, basseynlar, sport zallari va boshqa joylarga tatbiq etilishi mumkin.

Hukumat odamlarni ularning roziligisiz yashirincha suratga yoki videoga olish imkonini beruvchi texnologiyalarning tarqalishidan xavotirda.

Biroq to‘liq taqiq joriy etilmaydi. Yashirin suratga olish xavfi bo‘lmagan joylarda bunday ko‘zoynaklardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu orqali hukumat qurilmalardan foydalanishni butunlay cheklamasdan, yashirin tasvirga olish xavfi yuqori bo‘lgan joylarda ulardan foydalanishni nazorat qilmoqchi.

Hozircha cheklovlar qaysi qurilmalarga taalluqli bo‘lishi aniq emas. Kamerasi va audio yozish funksiyasi bo‘lgan ko‘zoynaklar, kamera va sun’iy intellekt funksiyalariga ega ko‘zoynaklar, shuningdek, shunga o‘xshash imkoniyatlarga ega boshqa taqiladigan qurilmalar ko‘rib chiqilmoqda.

Qayd etilishicha, hozircha qonun loyihasi ham tayyor emas. Avval ekspertlar guruhi tuzilib, tavsiyalar ishlab chiqadi.

Shundan so‘ng hujjat “yaqin vaqt ichida” taqdim etilishi kutilmoqda. Qonun qachon qabul qilinishi va qachondan kuchga kirishi esa hozircha noma’lum.


Avvalroq Spot Meta kamerasi bo‘lmagan aqlli ko‘zoynak tayyorlayotgani haqida yozgandi.

U Meta AI chat-boti bilan qulay muloqot qilish imkonini beruvchi oltita mikrofon va yo‘naltirilgan dinamiklar bilan jihozlanadi.