O‘zbekiston Alkogolsiz ichimliklar va sharbat ishlab chiqaruvchilar (UzBev) 12 ta yirik alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchisini o‘zida birlashtirgan holda, bunday mahsulotlar qadog‘ida shakar miqdori haqida majburiy ogohlantirish bo‘lishini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda Spot‘ga UzBev ijrochi direktori Alfiya Musina ma‘lum qildi.

Uyushma iste‘molchilarni xabardor qilishning o‘ziga qarshi emas, biroq taklif etilayotgan tizim hozircha yetarlicha asoslanmagan va ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha yuk yuklashi mumkin, deb hisoblaydi. UzBev mazkur sohadagi qarorlar “bosiq, ilmiy asoslangan va adolatli” bo‘lishi zarurligini bildirdi.

Hukumat nimani taklif qilmoqda?

Qaror loyihasi NHHM portalida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan bo‘lib, muhokama 14-oktyabrgacha davom etadi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqariladigan hamda import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar uchun 100 ml mahsulot tarkibidagi shakar miqdoriga qarab, qadoqning old qismiga markirovka yorliqlarini kiritish taklif qilinmoqda. Shakar miqdori 5 grammdan 8 grammgacha bo‘lganda, qadoqning old tomonida sariq fonda qora harflar bilan “O‘RTACHA SHAKAR MIQDORI” degan yozuv tushirilishi kerak.

Tarkibida 8 grammdan 11 grammgacha shakar bo‘lgan ichimliklar uchun to‘q sariq fonda qora rangdagi “SHAKAR MIQDORI YUQORI” yozuvi taklif etilmoqda. Agar shakar miqdori 11 gramm va undan ortiq bo‘lsa, qadoqda qizil fonda oq harflar bilan “JUDA YUQORI SHAKAR MIQDORI — TEZ-TEZ ISTE‘MOL QILISH SALOMATLIKKA ZARAR” degan ogohlantirish bo‘lishi lozim.

Ogohlantirish yorlig‘i qadoq old tomonining kamida 15% ini egallashi kerak. Shuningdek, yorliqqa mahsulot tarkibi, kaloriyasi va kunlik iste‘mol me‘yori to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kodni ilova qilish taklif qilinmoqda.

Loyiha bunday mahsulotlarni hisobga olish va nazorat qilishning yagona tizimini yaratishni ko‘zda tutadi. 2027-yilning martigacha laboratoriya tahlilining yagona metodikasini tasdiqlash, sentyabriga qadar esa akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlash tartibini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

2027-yil dekabrigacha tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar monitoringi bo‘yicha raqamli platforma yaratish taklif etilmoqda. Uni Asl Belgisi raqamli markirovkalash tizimi va Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan. Unda har bir mahsulotdagi shakar miqdori va shirinlashtiruvchi moddalarning turlari haqidagi ma‘lumotlar aks etishi lozim.

Import qilinadigan ichimliklar uchun esa 2028-yil 1-yanvarga qadar shakar miqdorini elektron deklaratsiyalash tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, Bojxona qo‘mitasiga yangi markirovkalash talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni yurtimizga olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklatilishi mumkin.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ta‘lim muassasalarida yangi talablarga mos kelmaydigan markirovkalangan ichimliklarni sotishni bosqichma-bosqich cheklash boshlanishi mumkin. Loyiha, shuningdek, muntazam nazorat xaridlarini o‘tkazish va aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi ma‘lumotlarni e‘lon qilib borishni nazarda tutadi.

UzBev nima uchun bu yondashuvni muammoli deb hisoblaydi?

Uyushmaning asosiy e‘tirozlaridan biri yangi talablarni aynan alkogolsiz ichimliklarga nisbatan qo‘llash taklif etilayotgani bilan bog‘liq, holbuki boshqa ko‘plab toifadagi mahsulotlar tarkibida ham shakar mavjud.

UzBev‘ning ta‘kidlashicha, iste‘molchilar uchun shakar manbai faqatgina ichimliklar emas, balki qandolat mahsulotlari, pishiriqlar, sutli shirinliklar, muzqaymoq, souslar va boshqa yeguliklar hamdir. Shu bilan birga, jamoat salomatligi masalalari nafaqat shakar, balki tuz, to‘yingan yog‘lar va transyog‘larni iste‘mol qilish, taomlarning umumiy kaloriyasi hamda jismoniy faollik darajasi bilan ham bevosita bog‘liq.

Uyushma fikricha, agar ogohlantiruvchi yorliqlar faqat ichimliklarga qo‘yilsa, iste‘molchilarda bunday ogohlantirishga ega bo‘lmagan boshqa mahsulotlar o‘z-o‘zidan foydaliroq ekan, degan yanglish tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.

“Agar davlat rostdan ham aholiga ongli tanlov qilishda yordam berishni maqsad qilgan bo‘lsa, bu yondashuv alohida olingan bitta tarmoqqa emas, balki barcha tegishli mahsulot toifalariga tatbiq etilishi va umumiy ovqatlanish ratsionini hisobga olishi zarur”, — deyiladi UzBev bayonotida.

Shuningdek, uyushma ishlab chiqaruvchilar raqamli markirovka talablariga endigina moslashib borayotganiga e‘tibor qaratmoqda. Ularning baholashicha, asosiy bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi ma‘lumotlar bazasi hali to‘liq uyg‘unlashtirilmagan bir paytda, kompaniyalar tizimlarni sozlash, xodimlarni o‘qitish, uskunalarni yangilash va texnik muammolarni bartaraf etishga mablag‘ sarflashda davom etmoqda.

Bunday sharoitda yangi talab qo‘shimcha xarajatlarni, qadoqni o‘zgartirishni va yangi ma‘muriy tartib-taomillarni talab qiladi. UzBev, shuningdek, so‘nggi yillarda tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklarga tushadigan soliq yuki bir necha bor qayta ko‘rib chiqilganini qayd etib, sohani tartibga solishda oldindan prognoz qila olish imkoniyati va barqarorlik zarurligini ta‘kidlaydi.

Metodika talablar joriy etilganidan keyingina paydo bo‘ladi

Yangi qoidalarning kiritilish ketma-ketligi ishlab chiqaruvchilarda jiddiy savollar uyg‘otmoqda.

Loyihaga ko‘ra, markirovkalash talablari 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi kerak, mahsulotning tegishli ko‘rsatkichlarini aniqlash metodologiyasini esa faqat 2027-yilning mart oyiga kelib ishlab chiqish rejalashtirilgan.

UzBev fikricha, bunday holatda biznes talablar allaqachon amal qilayotgan, ammo ularni bajarish mezonlari hali tasdiqlanmagan noqulay vaziyatga tushib qoladi.

“Paradoksal holat yuzaga kelmoqda: biznes bajarish mezonlari hali tasdiqlanmagan talablarni bajarishga majbur”, — deya ta‘kidlaydi uyushma.

Shu bois ishlab chiqaruvchilarda rasmiy metodologiya paydo bo‘lguniga qadar shakar miqdorini qanday aniqlash, laboratoriya tekshiruvlarining qaysi natijalari to‘g‘ri deb hisoblanishi, qanday chetga chiqishlarga ruxsat berilishi va bahsli vaziyatlar qanday hal etilishi yuzasidan savollar tug‘ilmoqda.

Bundan tashqari, UzBev oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash bo‘yicha texnik reglament hali uzil-kesil tasdiqlanmaganini ta‘kidlaydi. Uyushma avval yagona qoidalar ishlab chiqilishi, shundan keyingina majburiy talablar joriy etilishi kerak, deb hisoblaydi.

Ishlab chiqaruvchilar qadoqni o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi

Yana bir e‘tiroz yangi markirovkalashga o‘tish muddatlari bilan bog‘liq.

UzBev yorliqni o‘zgartirish tez bitadigan ma‘muriy jarayon bo‘lmay, balki ishlab chiqarish siklining uzviy bir qismi ekanini qayd etadi. Dizaynni ishlab chiqish, maketlarni kelishish, ishlab chiqarish qoliplarini tayyorlash va yangi qadoqni ishlab chiqarishga yo‘naltirish bir necha oy vaqt oladi. Uyushma ma‘lumotlariga ko‘ra, birgina yangi yorliqni tayyorlashning o‘zi o‘rtacha kamida uch oyni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, yorliqlar va alyuminiy bankalar oldindan xarid qilinadi, ularning zaxirasi esa taxminan bir yil oldinga shakllantirilishi mumkin. Shu sababli yetarli o‘tish davri berilmasa, kompaniyalar yo tayyorlab qo‘yilgan qadoqlash materiallarini yo‘q qilishga, yo dizaynni shoshilinch almashtirish uchun qo‘shimcha xarajat qilishga majbur bo‘ladi.

UzBev avval aholining ovqatlanish ratsionini o‘rganishni talab qilmoqda

Yana bir e‘tiroz taklif etilayotgan tartibga solishning ilmiy asosiga bog‘liq. Uyushma shakar miqdorining aniq chegaralarini belgilashdan oldin aholining amaldagi ovqatlanish tarkibi bo‘yicha aniq ma‘lumotlar olish zarur, deb hisoblaydi.

Xususan, qaysi mahsulotlar shakar va tuzning asosiy manbai ekanini hamda qaysi omillar salomatlik uchun amalda eng katta xavf tug‘dirayotganini aniqlash taklif qilinmoqda.

“Bu savollarga faqat aholi ovqatlanishi bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotgina javob bera oladi”, — deyiladi UzBev bayonotida.

Uyushma fikricha, bunday ma‘lumotlarsiz qaysi choralar aholi ratsionini yaxshilashga haqiqatan yordam berishini, qaysilari esa shunchaki qo‘shimcha ma‘muriy yuk keltirib chiqarishini xolisona baholab bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, UzBev ta‘kidlaganidek, iste‘molchilarni xabardor qilish g‘oyasining o‘zi rad etilayotgani yo‘q. Uyushma qadoqdagi axborot insonlarga ongli tanlov qilishda yordam berishi, tushunarli va ilmiy asoslangan bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi; taklif etilayotgan markirovkalash tizimini esa avvalo real iste‘molchilarda sinovdan o‘tkazish zarur.

Xususan, odamlar belgilardagi ma‘noni to‘g‘ri tushunayotganini, tizim ularni chalg‘itmayotganini va mahsulotlarni o‘zaro taqqoslashga imkon berayotganini tekshirib ko‘rish lozim.

Soha vakillari nimalarni taklif qilmoqda?

UzBev bosqichma-bosqich yondashuvni taklif etmoqda. Uyushmaga ko‘ra, dastlab oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash islohotini yakunlash, so‘ngra ovqatlanish bo‘yicha milliy tadqiqot o‘tkazish va uning natijalarini tahlil qilish lozim.

Shundan keyin mahsulotlarni baholashning ilmiy asoslangan modelini ishlab chiqish, barcha tegishli tovar toifalari uchun markirovkalash variantlarini muhokama qilish hamda iste‘molchilar o‘rtasida sinovlar o‘tkazish taklif qilinmoqda. Faqat shundan keyingina yangi tizimni joriy etish bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilinishi lozim, deb hisoblaydi uyushma.

UzBev vakillarining ta‘kidlashicha, masala umuman olganda markirovka kerakmi-yo‘qmi degan savolda emas, balki u iste‘molchilarni xabardor qilishning samarali vositasiga aylanadimi yoki shunchaki birgina sohaning shoshma-shosharlik bilan tartibga solinishiga olib keladimi, ana shunda.

“Iste‘molchilarga xolis axborot kerak. Biznesga aniq va oldindan bilish mumkin bo‘lgan qoidalar kerak. Davlatga esa aholi salomatligini yaxshilash uchun samarali choralar zarur”, — deyiladi uyushma pozitsiyasida.

UzBev barcha qarorlar ilm-fan, muloqot hamda oziq-ovqat bozorining barcha ishtirokchilariga teng munosabatda bo‘lish tamoyillariga tayangan holda qabul qilinsagina, ushbu uchta maqsadni uyg‘unlashtirish mumkin deb hisoblaydi.

Spot avvalroq suv va ichimliklarni markirovkalashning ikkinchi bosqichi 2027-yilga ko‘chirilgani haqida yozgandi.