Avvalroq prezident neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda Mustaqillikning 25 yilligi konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu ishlarga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilingan bo‘lib, hozirda maxsus texnika va uskunalar ish joyiga safarbar qilinmoqda, quduqlarni burg‘ilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Avariyani bartaraf etish jarayonining barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat‘iy rioya etilishini ta‘minlash eng muhim masalalardan biri ekanligi qayd etildi.

Taqdimotda yana bir yirik loyiha — Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.

Hozirda zavodda asosiy texnologik qurilmalar ta‘mirlangani natijasida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishni 30% ga, bitum 60% ga, aviakerosin esa 5 barobarga oshirishga erishilgan.

Kelgusida zavodni xomashyo bilan barqaror ta‘minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshiriladi. Yil oxiriga qadar zavod yuklamasi 40% dan 65% ga yetkaziladi va keyinchalik oshirib boriladi.

Davlat rahbari geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari natijadorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitob va aniq moliyalashtirish manbalari asosida olib borish, tarmoq korxonalari faoliyatida samaradorlikka alohida e‘tibor berish yuzasidan mas‘ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.


Spot avvalroq O‘zbekneftgaz xalqaro bozorlarda obligatsiyalar chiqarish istiqbollarini muhokama qilgani haqida yozgandi.