O‘zbekiston urbanizatsiya, ya’ni rivojlanishdagi shaharlar rolini oshirish darajasini 2030 yilga kelib 60% ga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar ulushi qisqaradi va shaharlarda kambag‘allik o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida oziq-ovqat narhini odamlarning daromadlariga mos ravishda qisqartirgan holda soha ishlab chiqarishini oshirish lozim bo‘ladi, demakdir, deb hisoblaydi institutsional islohotlar bo‘yicha ekspert Ildus Kamilov.

Oziq-ovqat mahsulotlari — QQS bu o‘rinda qanday rol o‘ynaydi va nega qishloq xo‘jaligida, qayta ishlash va chakana savdoda QQSni hisoblash bo‘yicha uzluksiz zanjirni yaratishga sharoit yaratish zarurligi haqida u Spot uchun maxsus yozadi.

Ildus Kamilov

Institutsional islohotlar va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha ekspert, undan avval Iqtisodiy tadqiqotlar markazining katta muvofiqlashtiruvchisi bo‘lib ishlagan

Mamlakatda amalga oshirilayotgan ko‘plab islohotlar aksariyat hollarda boshqa sohalardan ayricha qabul qilinadi va muhokama etiladi. Xususan, keyingi vaqtlarda soliq islohotlari bo‘yicha munozaralar QQS masalasiga ulandi, bank islohotlari esa konvertatsiya va kredit bo‘yicha stavkalarning qisqartilishi masalalarining to‘liq yechimi sifatida qabul qilindi va hokazo.

Sir emaski, iqtisodiyotda va umuman hayotda ko‘p narsalar o‘zaro bog‘langan. To‘g‘ri bu bog‘liqlik har doim ham ochiq ko‘rinmaydi. Ushbu maqola ayni ana shunday — birinchi qarashda urbanizatsiya, qishloq xo‘jaligi va QQS kabi o‘zaro u qadar bog‘liq ko‘rinmaydigan narsalar haqida.

Urbanizatsiya — shahar aholisining o‘sishidan ko‘ra ancha katta tushunchadir

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 28 dekabrida Oliy Majlisga Murojaatida 2030 yilgacha urbanizatsiya (ya'ni shahar aholisining aholining umumiy sonidagi hissasi) darajasini 60%ga yetkazish vazifasini ma’lum qildi. Urbanizatsiyaning joriy darajasi haqidagi raqamlar (35,5%) tushunmovchilik keltirib chiqarishi mumkin — negaki, Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, shahar aholisining hissasi 2018 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra 50,6%ni tashkil qilgan.

Gap shundaki, 2009 yili 1000 dan ortiq qishloq aholi punktlari shahar tipidagi poselkalar maqomini olgan bo‘lib, shahar aholisi 9,6 mln dan 14.2 mln kishiga, urbanizatsiya darajasi 35,8%dan 51,7%ga o‘sdi. Bunday ma’muriy o‘zgarishlar ko‘pincha mohiyatan o‘zgarmaydi — shahar tipidagi ko‘p poselkalar infratuzilmalar rivojlanishi, mahalliy iqtisodiyot tuzilmasi, odamlar turmush tarzi va boshqa parametrlar bo‘yicha shahardan ko‘ra qishloqqa ko‘proq yaqin. Shuning uchun urbanizatsiyaning boshlang‘ich nuqtasi 35,5% deb belgilanishiga batamom qo‘shilish mumkin.

Aholini aholi punktlari turlari bo‘yicha taqsimlash, %


Manba: Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlari asosida

Urbanizatsiyani qo‘llab-quvvatlash va boshqarish — juda murakkab vazifa. Biroq urbanizatsiya qiziqarli imkoniyatlar ham yaratadi. Masalan, davlat ijtimoiy ahamiyatga molik infratuzilmalar — kommunal xizmatlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqalar harajatlari ma’nosida yutishi ham mumkin.

Biznesning yutug‘i — bozorlarni yiriklashtirishda, zero 300 ming aholiga va rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lgan shahar 3000 kishilik aholisi bo‘lgan qishloqqa nisbatan ancha jozibador. Odamlar ham yuqori sifatli turmush tarzida yashash imkoniyatini oladilar.

Ikkinchi tomondan, qanchalik ko‘p qishloq aholisi shaharga ko‘chib o‘tsa, qishloq joylarda shunchalik kam ish kuchi qoladi. Urbanizatsiya qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni oshirishni talab etadi, boshqacha aytganda, qishloq ho‘jaligida band bo‘lgan har bir kishi ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishi lozim bo‘ladi. Shu bilan birga oziq-ovqat assortimentiga ko‘ra rang-barang bo‘lishi, asosiysi, yetarlicha yuqori sifat bilan bir qatorda narxi ham hamyonbop bo‘lishi kerak.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida 5 mln ga yaqin kishi band, biroq, mehnat migratsiyasi (ichki va tashqi) tufayli aniq raqamlar biroz kamroq bo‘lishi ham mumkin. Ammo, agar rasmiy ma’lumotlardan chetlanadigan bo‘lsak, qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan har bir kishi olti-yettita odamni oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Bu hisob-kitob, albatta, taxminiy.

Hozirgi o‘sish sur’atlaridan kelib chiqqanda, O‘zbekiston aholisi 2030 yilga kelib 40 million kishi atrofida bo‘ladi. Aytaylik, aholining 60% yoki 24 mln kishi shaharlarda, 16 millioni qishloq joylarda yashaydi. Bunda qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar soni 1 mln kishiga yoki undan ham ko‘proq kamayadi.

Demak, har bir qishloq xo‘jaligi xodimi 10−11 kishini “boqishi” kerak bo‘ladi. Shunday qilib, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni kamida 1,5 baravar oshirish talab etiladi. Bu o‘rinda so‘z mahsulot qiymati emas, balki ayni ishlab chiqarishning moddiy hajmi to‘g‘risida boradi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish bo‘yicha rejalarni hisobga olganda ishlab chiqarish hajmi yanada yuqori bo‘lmog‘i lozim. Yaqinda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 2021 yilda 5 mlrd $ ga yetkazish rejalashtirilayotgani, bu esa 2018 yilga qaraganda besh marta ko‘p ekani haqida aytilgan edi. Agar eksportning o‘sishi bilan birga ishlab chiqarish ham oshmasa, unda ichki bozorda narhlar ko‘tariladi.

Shaharda yashash qimmat

Katta shaharda yashash qimmat — ko‘p yurtdoshlarimiz o‘rtasida ayni shunday fikr tarqalgan. Va bu fikrda jon bor. Shaharga ko‘chish turar joyni shunchaki o‘zgartirishgina emas. Bu tumush tarzining o‘zgarishi, odamning iqtisodiyotdagi va mehnat bozoridagi o‘rni, shuningdek, iste’mol modelining o‘zgarishi demakdir. Shaharliklar qishloq ahli kabi yerga ega emas.Ular magazin va bozorlarda sotilayotgan mahsulotlarni bozor o‘rnatgan narxlarda sotib olishga majburlar.

Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish imkoniyati to‘g‘risidagi masala favqulodda muhim. Urbanizatsiyadan foyda olish uchun oziq-ovqat qiymati odamlarning daromadlariga nisbatan qisqarishi maqsadga muvofiq. Aks holda biz shaharlarda kambag‘allik muammosi kuchayishiga shohid bo‘lamiz.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda oziq-ovqat harajatlari 2017 yili uy ho‘jaligi barcha harajatlarining 44,3%ni tashkil etdi. 2018 yilda bu ko‘rsatkich ayrim asosiy tovarlar narhining erkinlashtirilishi munosabati bilan bozorlarning korrektirovkasi tufayli ancha yuqori bo‘lgani ehtimoli ko‘p.

Bularga kommunal to‘lovlar va eng zaruriy nooziq tovarlar va xizmatlar harajatlarini ham qo‘shing. Uy xo‘jaligida uncha ko‘p pul qolmaydi — bu potensial investitsiyalar, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun mablag‘ — bular iqtisodiyotni rivojlantirish uchun potensial talab, rezerv.

Xalqaro statistika shunday — mamlakatning taraqqiyot darajasi qancha yuqori bo‘lsa, odamlar oziq-ovqatga o‘z harajatlarining shuncha kam qismini sarflaydilar. Masalan, G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida bu ko‘rsatkich uy xo‘jaligi barcha harajatlarining 9% dan 20% gacha bo‘lgan qismini, AQShda 10% dan kamrog‘ini tashkil etadi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda, shu jumladan MDHda ko‘rsatkich 25% dan 50% gacha atrofida tebranadi. Buning sababi u yerda daromadlar ko‘p bo‘lganigina emas, balki oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan arzonligi uchun hamdir. Bu yerda ish haqi o‘rtacha hisoblaganda O‘zbekistondagiga qaraganda sakkiz-o‘n marta yuqori, oziq-ovqat mahsulotlari atigi ikki-uch baravar qimmat.

Oziq-ovqatning nisbatan past narxiga xalqaro savdo afzalligi, qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilari uchun dotatsiyalar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlariga soliqlarning pasaytirilgan stavkalari hisobiga erishiladi.

Ko‘p mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlariga va ko‘pincha, umumiy ovqatlanish xizmatlariga QQS umumbelgilanganiga nisbatan sezilarli ravishda past. Bundan tashqari fermerlar sotib oladigan oraliq tovarlar va xizmatlardan ko‘pincha pasaytirilgan stavkadagi QQS olinadi. Fermerlar esa juda ko‘p turli-tuman tovarlar va xizmatlar oladi. Masalan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi tomonidan iste’mol qilinadigan oraliq tovarlar tuzilmasini keltirish mumkin.

Yevropa Ittifoqi: qishloq xo‘jaligi tomonidan iste’mol qilinadigan oraliq tovarlar va xizmatlar, %


Ayrim mamlakatlarda QQSning asosiy stavkasi bilan taqqoslaganda qishloq xo‘jaligi uchun oziq-ovqat mahsulotlari va oraliq tovarlariga QQS stavkalari namunalari, %


Va yana QQS to‘g‘risida

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarining katta qismi 4,8 mlndan ortiq bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtiriladi. Fermer xo‘jaliklari keyingi bir necha yil ichida nafaqat paxta va bug‘doy, balki meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, chorvadorlik va parrandachilik bilan ham shug‘ullana boshladi. Biroq dehqon xo‘jaliklarining sezilarli ustunligi saqlanib qolmoqda.

Ishlab chiqarishning bunday tuzilmasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan QQS undirishga harakat qilish deyarli befoyda va xatto zararli ish — ko‘p fermerlar zimmasiga katta yuk tushadi, dehqon xo‘jaliklari haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini QQS to‘lovidan ozod qilish va og‘irlikni qayta ishlovchilar va chakana savdoga (oxir-oqibat iste’molchiga) yuklash ham to‘g‘ri yo‘l emas.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham fermerlar va xatto dehqon xo‘jaliklari ham turli materiallar, tovarlar va xizmatlarni olar ekanlar, u yoki bu darajada QQS to‘laydilar. Va bu harajatlar har qanday holatda iste’molchi uchun yakuniy mahsulot narxiga qo‘shiladi.

2000−2016 yillarda xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha o‘simlikshunoslik mahsulotlari ishlab chiqarish, %

Manba: Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlari asosida

2000−2016 yillarda xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha chorvaning asosiy turlari tuyog‘i va parrandalar, %

Manba: Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlari asosida

Agar hatto shaharlar aholisi soni bu qadar yuqori sur’atlar bilan o‘smasa ham, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan harajatlarini qisqartirish vazifasi dolzarb bo‘lib qolaveradi. O‘zbekiston ochiq istiqbolda ko‘proq ishlab chiqaruvchi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati tomonga harakatlanishi zarur.

Yechimning bir qismi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yiriklashtirishni qo‘llab-quvvatlash (o‘z samarasini beradigan joyda), ishlab chiqarish mexanizatsiyasini oshirish, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, kichik fermer va dehqon xo‘jaliklari kooperatsiyalarining turli shakllarini rag‘batlantirishdan iborat. Bu vaqt va ancha moliyaviy harajatlar talab etadi.

Bugunning o‘zidayoq amalga oshirish mumkin bo‘lgan boshqa qism — bu oziq-ovqat mahsulotlariga QQSni pasaytirish va qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash va chakana savdoda QQSni hisoblash bo‘yicha uzluksiz zanjirni hosil qilish uchun sharoit yaratishdan iborat.

Dunyo amaliyoti QQS bo‘yicha bunday zajirlarni hosil qilishning turli variantlarini taklif etadi. Ma’muriyatchilikdagi murakkabliklar va suiste’mol qilishning yuqoriligi tufayli O‘zbekiston uchun ularning hammasi ham maqbul emas. Ikkita variant birmuncha to‘g‘ri keladi, ularni bir vaqtning o‘zida qo‘llash mumkin.

  • Birinchisi: sotib olingan mahalliy qishloq xo‘jaligi hom ashyosi qiymatini soliq olinuvchi bazadan chiqarib tashlashga ruxsat berish, ya’ni QQS faqat mahsulotni qayta ishlashda yaratilgan qo‘shimcha narhdan va peshtaxtalarga qadar savdo qilinishidan olinadi. Bunda qayta ishlovchilarda kichik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bilan ishlash rag‘bati saqlanib qoladi.
  • Ikkinchisi: qayta ishlovchi korxonalarga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi zaruriy oraliq tovar va xizmatlarni qo‘lga kirita turib to‘lab bo‘lgan QQS miqdorini hisobga olish imkoniyatini berib, qishloq xo‘jalik mahsulotidan nol va pasaytirilgan stavkada soliq olish. Bunday variant kooperatsiya zanjirini yaratuvchi va uni yanada kengaytirishdan manfaatdor ancha yirik ishlab chiqaruvchilarga to‘g‘ri keladi. Oxir-oqibat fermerlarni o‘qitish va buxgalteriya hisobi tizimini tartibga solishni yirik korxonalar o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Ehtimol, bu o‘rta muddatli istiqbolda ma’lum yutqizishga olib kelishi mumkindir. Biroq uzoq muddatli istiqbolda shubhasiz foydali bo‘ladi. Davlat uchun ham, jamiyat uchun ham.

Moliya vazirligi kelajakda qishloq xo‘jaligini QQS to‘lashga o‘tkazish rejasi haqida ma’lum qildi. Yangilik umuman umidbahsh. Biroq, hozircha bu borada ishlar kerakli darajada amalga oshirilgani yo‘q, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida sezilarli yo‘qotishlar bo‘lishi mumkinligi xavfi saqlanib qolmoqda.

Ilgari Ildus Kamilov QQS joriy etilganidan beri O‘zbekistonda biznes sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi va soliq islohoti mamlakatda narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida Spot uchun maxsus yozgan edi.