1-iyuldan O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatorida fuqarolarga STIR berilishi to’xtatiladi, xususiy bog’chalarga imtiyozlar taqdim etiladi, pensiya va nafaqalar oshiriladi.

Fuqarolarga STIR berish bekor qilinadi

Ishga qabul qilish jarayonida jismoniy shaxslarning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligini soliq organidan mustaqil ravishda yoki “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olishi lozim.


Bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga davlat tomonidan imtiyozlar beriladi

Ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 238 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Oilaviy bogʻchalardagi bolalar sonini 25 nafardan 50 nafargacha oshirish va 4 nafargacha xodim yollashga ruxsat beriladi.


Davlat organlari va tashkilotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga tegishli ma’lumotlarni joylab boradi

Qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlari har yili ️ 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytiga joylashtiradi,️ 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi.


Ko‘p kvartirali uy-joylarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga subsidiya ajratiladi

Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga o‘tgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida, uch yilgacha uzaytirish choralari ko‘riladi.


Barcha mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari “E- qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadi

Unga ko’ra, ushbu elektron tizimni chetlab oʻtgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi va qarorlarning tartibga solish ta’sirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.


Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarni roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi

2021-yil 1-iyuldan boshlab davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi.


Pensiya va nafaqalar oshiriladi

Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi.

Bunda, ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 256 ming 675 soʻmdan 400 ming soʻmga oshiriladi.

Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 ming 350 soʻmdan 565 ming soʻmga oshiriladi.


O’zbekistonning 24 tumani qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hududlarga aylanadi

2021-yilning 1-iyulidan boshlab respublikaning 24 ta tumani hududida 14 turdan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqariladi.


Parrandachilik sohasida davlat subsidiyalari beriladi

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi.


Xivadagi yer uchastkalar mehmonxona qurish sharti bilan sotuvga qoʻyiladi

Xiva shahridagi YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlardan tashqari, yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali taqdim etiladi.


Sun’iy intellektdan foydalanishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi

Qarorda talabalarni sun’iy intellekt yo’nalishi bo’yicha grant asosida o’qitishni rejalashtirgan universitetlar ro’yxati berilgan. 2021−2024 yillarda grant asosida 100 ta bakalavriat va 30 ta magistratura joylari taqdim etiladi.

Spot, mamlakatimizda 1-iyundan qanday o’zgarishlar bo’lishi haqida ma’lumot bergan edi.