Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov foydalanilmayotgan noturar obyektlarni ko’zdan kechirdi. Bu “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi"ning 4- hamda 15-sexlari hududida bo‘ldi.
Maydoni 28 gektar bo‘lgan 4-sex hamda 8 gektar maydonda joylashgan 15-sex hududidagi avvalgi ishlab chiqarish binolari qarovsiz holatda, bino ichidagi konstruksiyalarning bir qismi ruxsatsiz demontaj qilingan.
Viloyat hokimi bu jarayonni keskin tanqid qilib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasiga ushbu sexlar hududini lotlarga ajratish hamda elektron onlayn-auksion orqali jozibador loyihalarni joylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
4-sex hududi 19 ta, 15-sex hududi esa 9 ta lotga ajratiladigan bo‘ldi. “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJga avval tegishli bo‘lgan, Beshbola MFYda joylashgan hajmi 2,5 ming tonnalik sovutkichli sig‘imga ega bo‘lgan meva-savbzavot ombori viloyat hokimligining zaxira omboriga aylantiriladigan bo‘ldi.
“Chimyon baraka savdo servis” MCHJga davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tayyorlash yuzasidan ko‘rsatma berildi.