AQSh qimmatli qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasi (SEC) Tesla kompaniyasiga nisbatan surishtiruv boshladi, deb yozmoqda Reuters. Bu kompaniya oʻz aksionerlari va muvofiqlashtiruvchi organlarni quyosh batareyalaridagi nosozliklar tufayli yonish xavfi mavjudligi toʻgʻrisida ogohlantirmagani bilan bogʻliq.

Tekshiruv Tesla kompaniyasining sifat boʻyicha sobiq menejeri Stiven Xenkesning shikoyat arizasidan soʻng boshlandi. Menejer oʻz arizasida Tesla va uning SolarCity energetika shuʼba kompaniyasi quyosh panellaridagi nosozliklar tufayli yonish xavfi borligi haqida aksionerlarga maʼlum qilmaganini bildirgan.

Xenkes Tesla rahbariyatini yonish xavfi bor quyosh panellarini oʻchirish zarurligi haqida xabardor qilganini aytgan. Ammo kompaniyadagilar uning soʻrovini rad etgan. 2020-yil avgustda Xenkes ishdan boʻshatilgan, shundan soʻng u kompaniyani sudga bergan.

Uning arizasiga koʻra, quyosh panellari xavfsizlik tizimidagi nosozliklardan 60 mingdan ortiq mijoz va 500ta korxona zarar koʻrgan.