Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekiston gʻarbidagi yirik shahar markazlarini bogʻlovchi 465 kilometrlik temiryoʻl liniyasini elektrlashtirish, temiryoʻl xizmatlarini yaxshilash hamda mintaqada savdo va turizmni rivojlantirish uchun $162 mln lik kredit ajratilishini maʼqulladi.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Buxoro va Xiva shaharlari oʻrtasida 250 kilometr tezlikda harakatlanuvchi tezyurar Afrosiyob poyezdlari qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali Buxoro va Xiva oʻrtasidagi qatnov vaqtini ikki soatgacha qisqartirish, Toshkentdan Xivaga yetti soatda yetib borish imkoniyatini yaratish reja qilinmoqda.

Ushbu loyiha Xitoyni Markaziy Osiyo orqali Yevropa bilan bogʻlaydigan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik koridorining bir qismi ekani ham aytilgan.

“Buxoro-Xiva” temiryoʻl liniyasi elektrlashtirilgach, yillik yoʻlovchi tashish hajmi joriy yildagi 280 ming kishidan 2026-yilga borib 1 mln kishigacha oshirilishi, yuk tashish hajmi esa yiliga jami 11,8 mln tonnaga yetishi prognoz qilingan.

Avvalroq Spot Oʻzbekiston Eronning Chabahor portiga kirishni rejalashtirayotgani, tranzit yoʻlagi Oʻzbekistonga Afgʻonistonni aylanib oʻtib dengizga chiqish imkonini berishi haqida yozgan edi.