Oʻzbekiston Eronning Chabahor portidan birgalikda foydalanish boʻyicha kelishuvga qoʻshilish niyatida, deb yozadi Mehr News.

Seshanba kuni Hindiston, Eron va Oʻzbekiston vakillari videomuzokaralar oʻtkazdi. Qayd etilishicha, Toshkent allaqachon Eron janubidagi port orqali tranzitni rivojlantirish tashabbusiga qiziqish bildirgan.

“Eron Islom Respublikasi Oʻzbekiston hukumatining Chabahor porti imkoniyatlaridan foydalanish niyatini olqishlaydi va Shahid-Beheshti terminali orqali savdoni rivojlantirishni rejalashtirmoqda”, — dedi Eron port tashkiloti rahbari Ali Akbar Safoi.

Eron tomoni Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik tufayli Chabahorda faollik oshishini kutmoqda. Afgʻoniston allaqachon kelishuvda ishtirok etmoqda.

Hindiston portlar va dengiz transporti vaziri oʻrinbosari Sanjiv Ranjan Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar uchun portga tranzit yoʻlagi yaratishga chaqirdi. Chabahor Hindiston va Markaziy Osiyo mintaqasi oʻrtasida barqaror yuk tashishni taʼminlaydi, dedi u.

Oʻzbekiston Transport vazirligi vakili Abdusamad Moʻminov oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston-Hindiston tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshgani, shuningdek, Chabahor portining mintaqaviy aloqalarni rivojlantirishdagi oʻrnini taʼkidladi.

Yaqin kunlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi Chabahorga tashrif buyuradi, deya qoʻshimcha qildi Moʻminov.

Dengiz janubiga

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yuklarni yetkazib berishning janubiy yoʻnalishi ishlab chiqilmoqda — bu yoʻl bilan boshqa yoʻnalishlarga qaraganda dengiz portlariga borish tezroq va arzonroq. Shu maqsadda “Termiz Cargo Center” terminali tashkil etildi.

2021-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Pokiston orqali ilk tranzit yuklarini joʻnatgan. Oʻz navbatida Pokiston Oʻzbekistondan kelayotgan va ketayotgan yuklarning Gvadar, Karachi va Qosim portlari orqali tranzit oʻtishini osonlashtirdi.

Biroq yoʻnalishning rivojlanishiga Afgʻonistondagi vaziyat toʻsqinlik qilmoqda. Oʻzbekistonlik yuk tashuvchilarga koʻra, avvallari afgʻon bojxonalaridan oʻtish korrupsiya, toliblar kelganidan keyin esa inspektorlarning kasbiy mahorati yoʻqligi sababli murakkablashgan.