“Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qoʻllanilishini soddalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni (PF-115-son, 25.04.2022-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2022-yil 1-maydan bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Bunda:

  • tovarlarni qadoqlash, oʻrash (shu jumladan, qayta oʻrash), saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hisoblanadi;
  • tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani taqdim etish talab etilmaydi;
  • qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normalari qayta ishlovchi sub’yekt tomonidan tasdiqlanadi va bojxona organiga taqdim etiladi;
  • aynan bir xil turdagi tovarlarni qayta ishlash boʻyicha 2-yildan koʻp boʻlmagan muddatga bojxona organi tomonidan umumiy ruxsatnoma beriladi;
  • maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari va vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun bojxona toʻlovlari toʻlanishini ta’minlash tartibi qoʻllanilmaydi;
  • qayta ishlash jarayonida hosil boʻladigan chiqindilarni “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona boji undirilmaydi.

Tovarlar eksporti uchun bojxona yigʻimlari stavkalari, imtiyozlar, preferensiyalar va eksportni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshqa choralar “reeksport” bojxona rejimida olib chiqiladigan qayta ishlash mahsulotlariga ham tatbiq etiladi.

Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashning maqsadi tovarlarni ta’mirlash boʻlsa, tovarni bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma talab etilmaydi.

Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash uchun ruxsatnoma tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi tomonidan keyinchalik boshqa shaxsga (agar ushbu shaxs mazkur ruxsatnoma boʻyicha barcha majburiyatlarni oʻz zimmasiga olsa) oʻtkazilishi mumkin.

Farmonga koʻra, Davlat bojxona qoʻmitasida Bojxona hududida/tashqarisida qayta ishlash bojxona rejimini takomillashtirish boʻyicha boshqarma tashkil etildi.