“Respublikada goʻsht, jun va sut yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni koʻpaytirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-224-son, 26.04.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Qorakoʻlchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha kredit berishning quyidagi tartibi belgilandi:

  • kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga 4 foizlik bank marjasini qoʻshish orqali hisoblanadigan stavka boʻyicha ajratiladi;
  • kreditlar quyidagi shartlarda beriladi:
  • tadbirkorlarga xorijdan goʻsht, jun va sut yoʻnalishidagi qoʻy va echkilar xarid qilish uchun — 5 yil muddatgacha, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • tadbirkorlarga ularning ozuqa sexlari (granulyator)ni, goʻsht, jun va sut mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha loyihalarini moliyalashtirish uchun — 10 yil muddatgacha, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga yaylovlarda chorva mollarining suvga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun suv chiqarish (quduqlar burgʻilash yoki mukammal ta’mirlash) va suv inshootiga resurs tejamkor uskunalar oʻrnatish uchun — 5 yil muddatgacha, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan.

Qarorga koʻra, ipak qurti urugʻi, tut koʻchatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorakoʻlchilik bilan shugʻullanayotgan sub’yektlar, qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari va qorakoʻlchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun koʻzda tutilgan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.