HeadHunter maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda top-menejerlar oʻrtasidagi ish oʻrinlari uchun raqobat bozordagi oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori. Bu haqda Spotga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Servis oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, 2022-yil boshida “Yuqori menejment” yoʻnalishi boʻyicha har bir taklif uchun 6 ta rezyume mavjud edi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich har bir boʻsh ish oʻrniga 5 nafar talabgorni tashkil etadi.
Menejer xodimlariga eng koʻp marketing, savdo va IT boʻlimlarida vakansiya mavjud. Faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha eng yuqori talab chakana savdo, oziq-ovqat sanoati, isteʼmol tovarlari, tadbirkorlik xizmatlari (B2B) va qurilishda kuzatilmoqda.
2022-yil boshidan beri menejerlar uchun eng koʻp boʻsh ish oʻrinlari savdo yoʻnalishida eʼlon qilindi. Talab eng sezilarli darajada qurilish sohasida oʻsdi.
Top-menejerlarga taklif qilingan oʻrtacha ish haqi 11 750 000 soʻmni tashkil etdi. Kutilayotgan eng yuqori takliflar Toshkent shahrida qayd etilgan — 12 900 000 soʻm.