UzAuto Motors kompaniyasi yangi komplektatsiyadagi Chevrolet Cobalt “Optima” avtomobilini ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, endilikda xaridorlarga avtomat uzatmali Chevrolet Cobalt avtomobilini quyma disk o’rniga po’lat disk bilan sotib olish imkoniyati berilmoqda.

Shuningdek, “Optima” komplektatsiyasi orqa qoraytirilgan oyna, kuchaytirilgan dvigatel va himoya karterini o’z ichiga oladi.

“Po'lat disklar notekis yo’llarda avtomobilning yumshoq va muammosiz harakatlanishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, notekis yo’llarda shikastlanishdan himoyalash, qulay xizmat ko’rsatish va ma’lum bir sharoitlarda yoqilg’i tejamkorligi bilan ahamiyatlidir”, deyiladi xabarda.

Yangi modifikatsiyadagi avtomobil may oyidan boshlab rasmiy dillerlik markazlarida optimallashtirilgan narxda sotuvga chiqariladi.