Prezident tomonidan imzolangan “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan boshlab davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻlgan chogʻida ishlamaydigan fuqarolarga oʻzlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Bandlikka koʻmaklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YaMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.

Davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.

Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlar Pensiya jamgʻarmasi tomonidan YaMMT IDAKdan foydalangan holda elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida olinadi.

Davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.