Toshkent aeroportida bepul Wi-Fi ulanish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Uzbekistan Airpors xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent xalqaro aeroportida yoʻlovchilar va mehmonlar uchun internet tarmogʻiga ulanish uchun Wi-Fi tarmogʻi ishga tushirildi.

“Oʻzbektelekom” kompaniyasi bilan birgalikda aloqa kanallarini ulash va jihozlarni oʻrnatish boʻyicha barcha ishlar yakunlangan, terminal majmuasi butun hududi, Wi-Fi tarmogʻi bilan joʻnab ketish va uchib kelish zallari toʻliq qamrab olindi.

Internetga ulanish uchun aeroportga tashrif buyuruvchilar #TASAirportUzcloud Wi-Fi tarmogʻini qidirib topishi va “Ulanish” tugmasini bosishi kerak. Tizim foydalanuvchilarni avtorizatsiya sahifasiga yoʻnaltiradi va u yerga mobil telefon raqamini kiritish lozim boʻladi. Avtorizatsiyani tasdiqlash uchun koʻrsatilgan raqamga SMS xabar yuboriladi.

Shundan soʻng, tizim pulli va bepul kirish imkoniyatlarini taklif etadi. Agar tizimdan bepul foydalanish tanlansa, tizim uchta qisqa reklamani koʻrsatadi, shundan soʻng internetga kirishni taʼminlaydi.

Pulli xizmat tanlansa, tizim tegishli tarif rejasini tanlashni taklif qiladi va toʻlov amalga oshirilgandan soʻng tarif rejasiga muvofiq vaqt uchun cheksiz internetga kirish taqdim etiladi.

Avvalroq Spot Toshkent aeroporti yaqinidagi hududda rekonstruksiya ishlari boshlangani haqida xabar bergandi.