“Meta” kompaniyasining 2022-yil ikkinchi choragidagi hisobotida daromad $28,82mlrd.ni tashkil etgani qayd etildi. Bu 2021-yilning ikkinchi choragidagidan 1%ga kam ($29,07 mlrd). Mazkur natija “Meta” kompaniyasining tarixdagi yil davomidagi birinchi choraklik daromadining pasayishi, deb yozmoqda TechCrunch.

Kompaniyaning operatsion daromadi $8,36 mlrd.ni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 32%ga kamaydi, sof daromadi esa 36% ga kamayib, $6,69 mlrd.ni tashkil etdi.

CNBC maʼlumotlariga koʻra, “Meta” chorakda “Reality Labs VR” boʻlimiga $2,81 mlrd sarflagan. Bu xarajatlar Mark Sukerbergning kompaniyani “metaolam” yoʻnalishini rivojlantirishni xohlayotganidan dalolat beradi, deb yozadi nashr.

“Meta"ning sobiq operatsion direktori Sheril Sandberg oʻzining soʻnggi hisobotida zararni yevro qiymatining pasayishi bilan bogʻladi. Agar valyutaning dollarga nisbatan qiymati tushmaganida, daromad 3% ga oshgan boʻlardi, dedi u investorlar bilan suhbatda.

2022-yil fevral oyida “Meta” birinchi marta Facebookʼning doimiy foydalanuvchilari soni kamayotganligi haqida xabar berdi.