Joriy yilning sakkiz oyi davomida bojxona to‘lovlaridagi tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40%ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Spot"ga ma’lum qildi.

Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Qoraqalpog‘istonda kuzatildi — 59%.

Shuningdek, Andijon (51,9%), Xorazm (48,6%), Buxoro (46,8%), Sirdaryo (44,3%) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (46,2%) o‘sish qayd etilgan.

Bu ko‘rsatkich tushumlar va tashqi savdo aylanmasining o‘sishi, mamlakatda ishlab chiqarish quvvatining oshishi, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish hisobiga kuzatilgani ta’kidlangan.

Sakkiz oyda tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23%ga oshgan.

Bunda sezilarli o‘sish mos ravishda Samarqand hamda Qashqadaryoga to‘g‘ri keladi — 35,9%.

Sohalar kesimida O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat, oziq-ovqat, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida kuzatilgan.

Tovar eksportining qisqarishi Buxoro (10,7%), Surxondaryo (7,3%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda (16,1%) kuzatildi.

Joriy yilning yetti oyi davomida bojxona to‘lovlaridagi tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 41,9%ga oshgandi.

Yuqoridagi kabi eng katta o‘sish 62,8% bilan Qoraqalpog‘istonda kuzatilgangan.


Avvalroq Samarqand xalqaro aeroportida avtomatik chegara nazorati tizimi — “E-gates” ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.

Bu tizim chegarani nazorat xodimlarining minimal ishtiroki bilan tez va xavfsiz kesib o‘tish imkonini beradi.