Joriy yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 571 332 tani tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumolarida keltirilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 43 479 taga oshib, ularning soni 2021-yili 527 853 ta edi.

Korxonalar sonining sezilarli o‘sishi savdo (175 084), sanoat (95 761), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida (51 581) kuzatilgan.

Shuningdek, hududlar kesimida yuqori o‘sish sur’ati Samarqand (114,9%), Xorazm (113,3%) hamda Qashqadaryoda (110,5%) qayd etilgan.

Yanvar-avgust oylarida yangidan tashil etilgan korxona va tashkilotlar soni o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan 6 263 taga kam — 63 542.

O‘tgan yilning sakkiz oyida 69 805 ta korxona va tashkilot tashkil etilgandi.

Shuningdek, joriy yilda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 2016-yilga nisbatan 239,4% o‘sib, 507 001 taga yetdi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda tadbirkorlarning qariyb 50% so‘nggi uch yilda faoliyatini boshlagan.

Kichik biznes yurituvchi tadbirkorlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahri hamda Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keldi.

Bundan tashqari, mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorij investitsiyalari ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 14 706 tani tashkil etdi.

Shundan, eng ko‘p ulush Rossiyaga to‘g‘ri kelib, joriy yilda ularning soni 2 762 taga yetgan.

Undan keyingi yetakchilikni Turkiya (2 071) va Xitoy (2 044) egallagan.

Qo‘shni Qozog‘iston investitsiyasi ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni esa 1 195.


Joriy yilda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oilaviy korxonalar soni 56 896 tani tashkil etgan.

Avgust oyida davlat rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvida soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ayrim tashabbuslarni bildirgandi.

Masalan, tadbirkorlarning 2 trln so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechish taklifini bildirdi prezident.