Farg‘ona issiqlik elektr markazida 2 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushurildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Loyiha “On-Grid” rejimida ishlaydi va yiliga qo‘shimcha 5 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada 1,2 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Buning natijasida yoqilg‘i resurslari tejalib, atmosferaga zararli gazlarning chiqishini kamaytirish imkoni yaratiladi.

Ushbu loyiha Prezident tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha berilgan qator topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirildi.


2021-yili Navoiy viloyatining Karmana tumanida 100 MVt quvvatli O‘zbekistondagi birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgandi.

Bugungi kunda stansiya kuniga 1 mln kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Stansiya ishga tushgandan buyon 252 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, stansiya 80 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Avvalroq “Taxiatosh IES"da 1040 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Stansiya 2023-yilning birinchi choragida ishga tushiriladi.

Mazkur stansiyada yiliga o‘rtacha 1,8 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Natijada korxonaning o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi 20−30%ga kamayishiga va 628 ming kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.