“Taxiatosh IES"da 1040 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Stansiya 2023-yilning birinchi choragida ishga tushiriladi.

Mazkur stansiyada yiliga o‘rtacha 1,8 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Natijada korxonaning o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi 20−30%ga kamayishiga va 628 ming kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Bundan tashqari 2022-yilning 11 oyi davomida stansiyada umumiy quvvati 16 kVt bo‘lgan quyosh panellari ishga tushirildi.

Shuningdek, 2800 litrli 14 dona quyosh suv isitish qurilmalari, 380 dona quyosh panelli yoritish chiroqlari hamda 360 dona sensorli harakat datchiklari o‘rnatildi.

Avvalroq, “Farg‘ona IEM"da 2000 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Loyiha natijasida yiliga 5 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi belgilangan.

O‘zbekiston idoralari muqobil elektr energiyasi tizimiga o‘tmoqda. Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida quvvati 200 kVt/s, Energetika vazirligi binosida quvvati 630 kVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Avvalroq, “Farg‘ona IEM” qozon sexi binosiga 60 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilgandi.