Farg‘ona IEMda 2000 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Stansiya 2 gektar maydonda qurilmoqda hamda “On-Grid” rejimida ishlaydi.

Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 5 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi belgilangan.

O‘zbekiston idoralari muqobil elektr energiyasi tizimiga o‘tmoqda. Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida quvvati 200 kVt/s, Energetika vazirligi binosida quvvati 630 kVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Avvalroq, “Farg‘ona IEM” qozon sexi binosiga 60 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilgandi.

Toshkentda o‘zini-o‘zi energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etilgandi. Mazkur uyga 15 kVt quvvatga teng quyosh panellari hamda 500 litrli quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan.

Qonunchilikda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini xarid qilgan aholiga xarajatlarning bir qismini qoplab berish belgilangan.

Xususan, sotib olingan va o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi qurilmalari uchun BHMdan kelib chiqib 7 barobardan 50 barobargacha kompensatsiya beriladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini marketpleys orqali sotib olish mumkin.