Hukumat qarori bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini xarid qilishda xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi.

Unga ko‘ra, aholi respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Mablag‘lar Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi hisobidan yo‘naltirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan iste’molchilarga xarid qilish xarajatlarining bir qismi jamg‘arma hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Joriy yil yakuniga qadar mazkur xarajatlarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga uning asoslangan talabnomalariga muvofiq davlat budjeti hisobidan 100 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

Sotib olingan va o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi qurilmalari uchun BHMdan kelib chiqib quyidagi miqdorda kompensatsiya belgilanadi:

  • 0,5 kVtdan 1 kVtgacha — 7 barobar;
  • 1 kVt va undan 1,5 kVtgacha — 10 barobar;
  • 1,5 kVt va undan 2 kVtgacha — 15 barobar;
  • 2 kVt va undan yuqori — 20 barobar.

Shuningdek, yangi yerlar o‘zlashtirilganda va tik quduqlarda o‘rnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasi iste’moli 5 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali ta’minlanganda BHMning 50 barobari miqdorida kompensatsiya beriladi.

Suv isitish hajmi 100 litr va 200 litr bo‘lgan quyosh suv isitish qurilmalari uchun tegishlicha BHMning 5 va 7 barobari miqdorida kompensatsiya to‘lanadi.

Joriy yilning 1-oktabridan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish bo‘yicha marketpleys ishga tushirildi.

U orqali iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini yuqoridagi shartlar asosida xarid qilishlari mumkin.

Jamg‘arma “Qishloq qurilish bank”, “Ipoteka-bank”, “Xalq banki” va “Sanoat qurilish bank” bilan energiya tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida uskunalar xarid qilish uchun yashil iste’mol kreditlari berish to‘g‘risida shartnomalar imzolagan.


Avvalroq “Spot” Toshkentda elektromobillarni quyosh energiyasida zaryadlovchi qurilma ishga tushirilgani hamda kichik mobil quyosh fotoelektr stansiyasi yaratilgani haqida xabar bergandi.