Farg‘ona hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning Pyontek shahrida bo‘lib, shahar meri Chan Chjon Son bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Unda Farg‘onada yuqori qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda mazkur shahar tajribasini o‘rganish, “Kyongi” va “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish masalalariga ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Pyontekdagi transmilliy sanoat kompaniyalariga farg‘onalik mutaxassislarni ishga jalb qilish, tajriba orttirish hamda malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Pyontek meri hamkorlik yo‘nalishlarini va loyihalarini belgilash uchun joriy yil may oyida viloyatga tashrifini amalga oshirishni bildirdi.

Xususan, mazkur tashrifda Koreyaning “Sangjin Co” kompaniyasi tomonidan Quva tumanida golf maydonlarini tashkil qilish loyihasi ham o‘rganilishiga kelishildi.

Avvalroq Farg‘ona viloyati bilan Inchxon shahri o‘rtasida iqtisodiy-investitsion aloqalarni hamda ijtimoiy, madaniy sohalarda hamkorlikni oshirish masalalari muhokama qilingandi.

Muzokaralar davomida Farg‘onada Inchxon erkin iqtisodiy zonasi filialini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.