“Aloqabank” aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun anderrayterni tanladi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi veb-saytining tender bo‘limi ma’lumotlarida keltirilgan.

Nomzodlardan arizalar 23−29 mart kunlari qabul qilingan. Hozirda eng yaxshi taklifni tanlash natijalari bayonnomasi shakllantirilgan, biroq tender g‘olibi hozircha oshkor etilmagan.

Texnik topshiriqqa ko‘ra, bank “Toshkent” fond birjasiga 5% gacha aksiyalarni joylashtirishni rejalashtirgan hamda yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.

Anderrayter aksiyalarni tayyorlash va joylashtirishni tashkil qilishi, IPO hajmi va aksiyalarning taklif narxi bo‘yicha shug‘ullanadi.

Undan biznes-reja tuzish, investorlar uchun muzokaralar va taqdimotlar o‘tkazish va hokazolar talab qilinadi.

“Aloqabank” aksiyalari “xalq IPO"siga chiqarilishi rejalashtirilgan 40 ta davlat kompaniyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Uning doirasida davlat elektron auksion orqali investorlarga o‘z aksiyalarining 2%igacha bo‘lgan qismini taklif etadi.

Bungacha, 2022-yil avgust oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 20 ta davlat aksiyadorlik jamiyati uchun IPO va SPO‘larning taxminiy muddatlari jadvali tasdiqlangandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida “Aloqabank” aksiyalarini fond birjasiga olib chiqish rejalashtirilgandi.