Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Singapur prezidenti Halima Yaqub o‘rtasida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi o‘tkazildi.

Xususan, tashrif davomida quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston hukumati va Singapur hukumati o‘rtasida 2023−2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Singapur Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • O‘zbekiston Adliya vazirligi va Singapur Adliya vazirligi o‘rtasida 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi va Singapur Savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Singapur turizm boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi va Singapur turizm agentliklari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Singapur hamkorlik agentligi o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot sohasidagi qo‘shma faoliyat to‘g‘risida hamkorlik bitimi;
  • O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va Singapur Biznes federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Avvalroq ikki mamlakat rahbarlari muzokaralar o‘tkazgandi. Unda Singapur kompaniyalari bilan kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida $3,8 mlrdlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgani ta’kidlandi.

Bu kompaniyalar qatorida “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” kabilar mavjud.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining Singapur bozoriga yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar gumanitar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intilishini bildirdi.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.