Joriy yilning may oyida prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingandi.

Hujjat bilan, yoqilg‘i-energiya sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha foto va video xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Hukumat qarori bilan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etganlarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-noyabrigacha yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilishning oldini olish hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish sohasida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan “Uzenergo” mobil ilovasi ishlab chiqiladi.

U orqali qabul qilingan huququbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etganlarning ma’lumotlari oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aholining videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzarlardan undirilgan jarimalar quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • “O‘zenergoinspeksiya” hisobvarag‘iga — undirilgan summaning 50%;
  • elektr va issiqlik energiyasi hamda tabiiy gaz ta’minoti korxonalari hisobvaraqlariga — undirilgan summaning 50%.

Energetika vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi “Uzenergo” mobil ilovasining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha mas’ul organlar hisoblanadi.

“Uzenergo” mobil ilovasi quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutadi:

  • yoqilg‘i-energiya resurslaridan to‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
  • aholi tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni “O‘zenergoinspeksiya"ga manzil belgilari bo‘yicha yuborish;
  • huquqbuzarlik haqida xabar berganlarni pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish;
  • huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar ma’lumotlar bazasi bilan tanishish;
  • sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik hujjatlarini (bayonnoma va qarorlarni) onlayn tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni IIVning “E-ma'muriy ish” tizimiga kiritish;
  • hududlar va tumanlar (shaharlar) bo‘yicha aniqlangan sohaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joriy etish hamda yuritish.

Joriy yilning 1-dekabrigacha huquqbuzarlik holatlari, shu jumladan, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini muntazam ravishda qasddan buzgan iste’molchilarning yagona elektron reyestri joriy etiladi.

Mazkur reyestr Energetika vazirligi tomonidan yuritilib, unga kiritilgan ma’lumotlardan manfaatdor vazirliklar va idoralar xavflarni baholash mezoni sifatida foydalanishadi.

Shuningdek, 1-dekabrgacha “O‘zenergoinspeksiya"ning mas’ul xodimlarini texnik vositalar, zarur uskunalar (planshet va boshqalar) bilan ta’minlash maqsadida hamda “Uzenergo” mobil ilovasining to‘liq ishlashi uchun server uskunalari xarid qilinadi.

Energetika vazirligiga bir oy muddatda “Uzenergo” mobil ilovasida huquqbuzarliklar aks etgan fotosuratlar va videoyozuvlarni tahlil qilish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyni aniqlash va huquqbuzarliklar sodir etganlarning harakatiga tegishli baho berish bilan shug‘ullanuvchi mas’ul xodimlarni amaldagi shtat birliklari doirasida belgilash topshirilmoqda.

Joriy yilning mart oyida energiya tizimidagi qonun buzilish holatlarini aniqlashga qaratilgan Telegram-bot ishga tushgandi.