22-noyabr kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:

  • Bektemir tumani — “Gulbog‘” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha;
  • Yashnobod tumani — “Arg‘in” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha.

Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Iyun oyidan buyon “Hududiy elektr tarmoqlari” avariyaviy holatlarning oldini olish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tarmoqda ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

Joriy yilning 1-noyabridan yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshirilishi belgilangan. Bu o‘zgarishlar faqat oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq energiya ishlatadigan abonentlarga ta’sir qilib, ularga 2−4 baravar oshirilgan narxlar qo‘llaniladi.

Shuningdek, noyabrdan iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.

Xususan, qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina ma’lum bir vaqt oralig‘ida elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.